Boks bo‘yicha jahon chempionati — 2023

O‘zbek bokschilarini yo‘lbarsga qiyoslashadi – murabbiy Ro‘zioxunov

Toshkent mezbonligida o‘tayotgan dunyo birinchiligi g‘oliblariga, jumladan, ramziy ma’nodagi yo‘lbars o‘yinchoqlari beriladi.
Sputnik
TOShKENT, 10-may — Sputnik. Toshkentda o‘tayotgan boks bo‘yicha erkaklar o‘rtasidagi jahon chempionati g‘oliblariga ramziy yo‘lbars o‘yinchoqlari beriladi.
“O‘zbek bokschilari kuchi va shiddatidan yo‘lbarsga qiyoslanadi. 1-14 may kuni O‘zbekistonda o‘tayotgan JChda g‘oliblarga belgilangan pul mukofoti, medal, diplom va ramziy ma’noda yo‘lbars o‘yinchoqlari taqdim etiladi”, - dedi boks bo‘yicha xalqaro toifadagi murabbiy Rahmatjon Ro‘zioxunov.
JChda janglar 3 daqiqadan 3 raund davom etadi. Bokschi muddatidan oldin raqibini nokautga uchratsa, jang to‘xtatiladi.
Ochkolar har bokschining ringda faolligiga, bergan zarbalari, himoya tutishi, raqibiga chap berishiga qarab maxsus hakamlar tomonidan baholab boriladi.
“Bugun chempionatning chorak finali, unda 11 nafar bokschimiz kurashmoqda. Men ularning barchasidan umidvorman. Bokschilarimiz haqiqatan yo‘lbarsga tengligini isbotlashadi”, - dedi murabbiy.
Hozircha ringga ko‘tarilgan Hasanboy Do‘smatov, Saidjamshid Jafarov, Abdumalik Xalokov, Ruslan Abdullayev, Lazizbek Mullojonov yarim finalga yo‘l olishdi.