TOShKENT, 10-may — Sputnik. Bugun Toshkent mezbonlik qilayotgan boks bo‘yicha erkaklar o‘rtasidagi jahon chempionatining chorak final janglari o‘tkazildi.
Yarim final chiptasi uchun ringga ko‘tarilgan O‘zbekiston terma jamoasining 11 nafar vakilidan 9 nafari g‘alaba qozondi.
Birinchi bo‘lib jang qilgan Hasanboy Do‘smatov (-51 kg) amaldagi chempion yaponiyalik Tomoya Suboini mag‘lub etib, yarim finalga yo‘l oldi.
Abdumalik Xalokov iordaniyalik Ishish Yusuf ustidan qiyinchiliksiz g‘alaba qozonib, jahon chempionatining medalini naqd qildi.
Ruslan Abdullayev -63.5 kg vazn toifasida yarim final yo‘llanmasiga sazovor bo‘ldi. Jahon chempionati debutanti chorak finalda fransiyalik Lounes Xamrouidan ustun keldi.
-71 kg vazn toifasida ishtirok etayotgan Saidjamshid Jafarov rossiyalik Igor Sviridchenkov ustidan g‘alaba qozonib, yarim final yo‘llanmasiga ega bo‘ldi.
Og‘ir vazn toifasidagi umidli o‘zbek bokschilaridan biri Lazizbek Mullojonov (-92 kg) musobaqadagi sensatsiyalardan biriga mualliflik qildi. U ikki karra Olimpiada chempioni, 5 karra jahon chempioni kubalik Xulio La Krusni bu musobaqada medalsiz qoldirdi
Oybek Jo‘rayev (-54 kg) JCh chorak finalidagi jangini ispaniyalik Gabriel Eskobarga qarshi o‘tkazdi va g‘alabaga erishdi.
Mujibillo Tursunov (-60 kg) rossiyalik bokschi Vsevolod Shumkovga qarshi ringga ko‘tarildi. U nomdor raqibiga munosib qarshilik ko‘rsatdi, biroq imkoniyatni boy berdi.
Mujibillo Tursunov
© NOK Uzbekistana
Asadxo‘ja Mo‘ydinxo‘jayev (-67 kg) kubalik kuchli raqib - Roniel Iglesiasga qarshi jang o‘tkazdi va 4:3 hisobida g‘alabaga erishdi.
O‘zbekiston terma jamoasining bu musobaqadagi eng yosh bokschisi A’loxon Abdullayev (-75 kg ) bu gal vengriyalik Filip Akilov ustidan g‘alaba qozonib, yarim finalga chiqdi.
Shohjahon Abdullayev (-86 kg) amaldagi chempion ozarbayjonlik Alfonso Domingezga imkoniyatni bor berdi.
Shoxjaxon Abdullayev
© NOK Uzbekistana
Eng og‘ir vazn toifasida (+92 kg) Tokio-2020 Olimpiadasi chempioni Bahodir Jalolov chorak finalda azaliy raqiblaridan biri qozog‘istonlik Kamshibek Konkabayev bilan to‘qnash keldi. Murosasiz kechgan bahsda Jalolov yarim final yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi.
Baxodir Jalolov
© NOK Uzbekistana
Shu tariqa, boks bo‘yicha jahon chempionatining yarim finalida 9 nafar O‘zbekiston vakili medal uchun kurash olib boradi.
Toshkentda 30-apreldan buyon o‘tkazilib kelayotgan boks bo‘yicha erkaklar o‘rtasidagi JCh 14-mayga qadar davom etadi. 11-may kuni yarim final, 12-14 may kunlari final janglari o‘tkaziladi.