TOShKENT, 8-may — Sputnik. Muddatidan ilgari O‘zbekiston prezidenti saylovi 2023-yil 9-iyul kuni bo‘lib o‘tadi. Shavkat Mirziyoyev 8-may kuni tegishli farmonni imzoladi.
"O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 110 va 128-moddalari hamda O‘zbekiston Respublikasi Saylov kodeksining 66-moddasiga asosan 2023-yil 9-iyul kuniga muddatidan ilgari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi tayinlansin", - deyilgan farmon matnida.
Avvalroq Shavkat Mirziyoyev O‘zbekistonda muddatidan ilgari prezident saylovi o‘tkazilishini e’lon qilgan edi. Davlat rahbari bunday qarorga kelishning sabablarini tushuntirgan edi.
Prezidentning so‘zlariga ko‘ra, Asosiy qonunga muvofiq, hokimiyatning barcha bo‘g‘inlari isloh qilinib, ular o‘rtasidagi munosabat va muvozanat jiddiy o‘zgarmoqda. Yangilangan Konstitutsiya prezident, parlament, hukumat, vazirlar, hokimlar oldiga kechiktirib bo‘lmaydigan yangi siyosiy, ijtimoiy va iqtisodiy vazifalarni qo‘ymoqda. Xalq davlatdan barcha sohalarda g‘oyat muhim va dolzarb o‘zgarish va islohotlarni kutmoqda.
Dunyoda va mintaqada keskin va murakkab jarayonlar hukm surayotgan hozirgi vaziyatda to‘g‘ri va samarali rivojlanish yo‘lini izlab topish va uni amalga oshirish eng o‘tkir va dolzarb masalaga aylanmoqda.
"Asosiy qonunimizda xalq – davlat hokimiyatining birdan-bir manbai, deb bejiz yozilmagan. Shu nuqtayi nazardan, yangilangan davlat hokimiyati tizimida xalqimiz, yana bir bor aytaman, faqat xalqimiz o‘zi ishongan rahbarga mandat berishi maqsadga muvofiq. O‘ylaymanki, bugungi mavjud sharoitda bu eng to‘g‘ri va adolatli qaror bo‘ladi", - degan edi Mirziyoyev.
Saylov kodeksiga kiritilgan o‘zgartirishlarga ko‘ra, prezident muddatidan ilgari O‘zbekiston prezidenti saylovini tayinlagan taqdirda, saylov ushbu kodeksga to‘liq muvofiq holda 2 oy ichida o‘tkaziladi.
Bunda saylovga tayyorgarlik ko‘rish hamda uni o‘tkazishga doir tadbirlarni amalga oshirish muddatlarini Markaziy saylov komissiyasi belgilaydi.