TOShKENT, 6-may — Sputnik. Sirdaryoning Guliston shahrida bo‘lib o‘tayotgan III xalqaro Baxshilar festivalida ishtirokchilarni cholg‘u asboblari va milliy liboslaridan ajratib olish mumkin, deya ma’lum qildi Sputnik muxbiri.
Festivalda Qashqadaryo va Surxondaryo baxshilari do‘mbira, Xorazm, Qoraqalpog‘iston baxshilari tor, dutor, qobuz cholg‘u asbobidan foydalanishadi.
Tadbirda ishtirok etayotgan baxshilarning har biri o‘z hududining milliy liboslarini kiygan: beqasam chopon, qashqar do‘ppisi, surxon do‘ppisi, belqars (belbog‘), qora qalpoq, astarli chopon.
V Sirdarye proxodit mejdunarodniy festival iskusstva baxshi
© Sputnik
“Mazkur festivalda eng muhimi ijodiy tajriba o‘rganamiz. Vatanimizda va xalqaro maydonda ijod qilayotgan yetuk baxshilarning sara namunalari bilan tanishamiz. Bu yilgi Baxshilar festivalida ustozlar bilan birga yosh baxshilarni ham ko‘rib turibmiz. O‘ylaymanki, bu an’ana asriy davom etadi”, dedi qoraqalpoq yosh baxshisi Atabek Tangribergenov.
Festival doirasida “Zamonaviy baxshichilik san’ati: oltin merosning yangi ohanglari” nomli xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya o‘tkazildi.
Konferensiyada zamonaviy baxshichilik san’ati muammolari, oltin merosni o‘rganish, tadqiq qilish, xalqaro baxshilar faoliyati va yosh kadrlar yetishtirish masalalari ko‘rib chiqildi.
Baxshilar yetishtirish bo‘yicha ma’lumotlar berildi. Aytilishicha, bugungi kunda Yunus Rajabiy nomidagi O‘zbek milliy musiqa san’ati institutida “Doston ijrochiligi” kafedrasi, Termiz shahrida baxshichilik maktabi, Nukus shahrida opera va baxshichilik san’atiga ixtisoslashtirilgan maktab, respublikadagi bolalar musiqa va san’at maktablarida folklor sinflari faoliyat ko‘rsatmoqda.
Respublikada ko‘p tomlik “Qoraqalpoq folklori” to‘plamlari chop etildi, hozirda 100 tomlik “O‘zbek xalq ijodi yodgorliklari” majmuasi nashr etilmoqda. Baxshi-shoirlar tomonidan ijro etilayotgan asarlarni yozib olish, ularni ilmiy o‘rganish ishlari muntazam davom etadi.