Turkiy davlatlar koinotga qo‘shma sun’iy yo‘ldosh uchirishni rejalashtirmoqda

Turkiy davlatlar tashkilotiga a’zo mamlakatlar qo‘shma sun’iy yo‘ldoshini uchirish imkoniyatlarini muhokama qilishdi.
Sputnik
TOShKENT, 5-may — Sputnik. Turkiy davlatlar tashkilotiga (TDT) a’zo mamlakatlar Toshkentda qo‘shma sun’iy yo‘ldoshni uchirish imkoniyatlarini muhokama qilishdi. Bu haqda “O‘zbekkosmos” agentligi ma’lum qildi, deya xabar berdi RIA Novosti.
Qayd etilishicha, Toshkentda TDTga a’zo mamlakatlar kosmik agentliklari kengashi bo‘lib o‘tdi. Tadbir Markaziy Osiyo kosmik konferensiyasi doirasida o‘tkazildi.
Kengash yakunlari bo‘yicha mamlakatlar milliy kosmik dasturlarni amalga oshirish bo‘yicha tajriba almashishdi, shuningdek, a’zo mamlakatlarning qo‘shma sun’iy yo‘ldoshini uchirish imkoniyatlarini muhokama qilishdi.
Tadbir ishtirokchilari mintaqada kosmik sohani yanada rivojlantirish yo‘nalishlari yuzasidan fikr almashib, koinotdan tinch maqsadlarda foydalanish doirasida hamkorlik qilish to‘g‘risida kelishib olishdi.

"Bu yerda a’zo mamlakatlar o‘zning sun’iy yo‘ldoshini uchirish bo‘yicha muzokaralar va ish boshlanganidan juda xursandmiz, bu misli ko‘rilmagan xalqaro loyiha va bu barcha tomonlar uchun foydali bo‘lishiga ishonamiz", - deydi Turkiya kosmik agentligi rahbari Serdar Yildirim.

Ma’lumot uchun, Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashi 2009-yilda tashkil etilgan. Istanbul sammitida 2021-yil noyabr oyida uning nomini Turkiy davlatlar tashkilotiga o‘zgartirishga qaror qilingan. O‘zbekiston 2023-yilda tashkilotga raislik qilmoqda. Tashkilotga Ozarbayjon, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Turkiya va O‘zbekiston, Turkmaniston va Vengriya kuzatuvchi sifatida kiradi.