TOShKENT, 3-may — Sputnik. Tadbirkorning bankdagi pul mablag‘ini qonunga xilof ravishda olib qo‘yganlar ozodlikdan mahrum etilishi mumkin. Bu haqda Senatning qirqinchi yalpi majlisida ma’lum qilindi.
Senatorlar tadbirkorlarning bank hisobvaraqlaridagi pul mablag‘lari daxlsizligini ta’minlashga qaratilgan qonunni ko‘rib chiqishdi.
Mazkur qonun bilan tadbirkorlarning bankdagi pul mablag‘larini ularning roziligisiz o‘tkazganlik, olib qo‘yganlik yoxud ortiqcha undirilgan mablag‘larni o‘z vaqtida qaytarmaganlik uchun ma’muriy va jinoiy javobgarlik choralari belgilanmoqda.
Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga kiritilayotgan qo‘shimcha modda
Bank hisobvaraqlaridagi pul mablag‘larini tadbirkorlarning roziligisiz qonunga xilof ravishda o‘tkazish yoki olib qo‘yish yoxud ortiqcha undirilgan pulni o‘z vaqtida qaytarmaslik holati bo‘yicha aybdorga bazoviy hisoblash miqdorining 20 baravaridan 40 baravarigacha miqdorda jarima solinishi qayd etilmoqda.
Jinoyat kodeksiga kiritilayotgan qo‘shimcha modda
Tadbirkorlarning pul mablag‘larini qonunga xilof ravishda o‘tkazish yoki olib qo‘yish yoxud ularni o‘z vaqtida qaytarmaslik holatlar ma’muriy jazo qo‘llanilgandan keyin ham sodir etiladigan bo‘lsa, jinoyatning toifasiga qarab bazoviy hisoblash miqdorining 200 baravaridan 600 baravarigacha jarima yoki 7 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi belgilanmoqda.
Qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.