TOShKENT, 3-may — Sputnik. O‘zbekistonda bo‘lib o‘tgan referendum natijalari o‘zbek xalqining respublika rahbariyati tomonidan amalga oshirilayotgan islohotlarni davom ettirishdan manfaatdor ekanligidan dalolat beradi. Bu haqda Rossiya TIV rasmiy vakili Mariya Zaxarova ma’lum qildi.
O‘zbekiston 30-aprel kuni “O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi to‘g‘risida”gi Konstitutsiyaviy qonunni qabul qilish bo‘yicha referendum bo‘lib o‘tdi.
Mariya Zaxarova qayd etishicha, MDH, ShHT, MDH Parlamentlararo assambleyasi, YXHT DIIHB va boshqa birlashmalarning monitoring missiyalari a’zolari sifatida faol ishlagan rossiyalik kuzatuvchilarning fikricha, ovoz berish ochiq va tinch muhitda o‘tdi.
Respublika hokimiyati tomonidan plebissitni xalqaro normalar va umume’tirof etilgan demokratik tamoyillarga to‘la mos holda o‘tkazish uchun barcha shart-sharoit yaratilgan.
Uning so‘zlariga ko‘ra, referendum natijalari O‘zbekiston jamiyati tomonidan O‘zbekiston prezidentining siyosiy yo‘nalishi yuksak darajada qo‘llab-quvvatlanayotganini yaqqol ko‘rsatib turibdi va o‘zbek xalqining respublika rahbariyati tomonidan amalga oshirilayotgan islohotlarni davom ettirishdan manfaatdor ekanligidan dalolat beradi.
“Biz do‘st O‘zbekistonda konstitutsiyaviy referendumning muvaffaqiyatli o‘tkazilishini mamlakat siyosiy taraqqiyotidagi muhim bosqich sifatida olqishlaymiz. Biz Rossiya-O‘zbekiston ko‘p qirrali strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini yanada mustahkamlash borasidagi prinsipial niyatimizni yana bir bor tasdiqlaymiz”, deyilgan bayonotda.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonning yangi tahrirdagi Konstitutsiyasi loyihasini referendumda ovoz berganlarning 90,21 % qo‘llab-quvvatladi. Ovoz beruvchilarning 9,35 % qarshi ovoz berdi.