Referendum — 2023

Erdog‘an Mirziyoyevni referendum muvaffaqiyatli o‘tkazilgani bilan qutladi

Shavkat Mirziyoyev Rejep Tayyip Erdog‘an bilan telefon orqali muloqot qildi. Turkiya prezidenti Mirziyoyevni umumxalq referendumi muvaffaqiyatli o‘tkazilgani bilan samimiy qutladi.
Sputnik
TOShKENT, 3-may — Sputnik. O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Turkiya prezidenti Rejep Tayyip Erdog‘an bilan telefon orqali muloqot qildi. Unda Turkiya yetakchisi davlat rahbarini Konstitutsiya islohoti bo‘yicha umumxalq referendumi muvaffaqiyatli o‘tkazilgani bilan samimiy qutladi.
Uchrashuvda strategik sheriklik munosabatlarini yanada kengaytirish va amaliy hamkorlikning ustuvor loyihalarini ilgari surish masalalari ko‘rib chiqildi.
Turkiya yetakchisi davlat rahbarini Konstitutsiya islohoti bo‘yicha umumxalq referendumi muvaffaqiyatli o‘tkazilgani bilan samimiy qutlab, qardosh O‘zbekiston xalqiga farovonlik, taraqqiyot va ravnaq tiladi.
Suhbatda mamlakatda Turkiyaning yetakchi kompaniyalari ishtirokidagi investitsiya loyihalarini jadal amalga oshirish muhimligi qayd etildi. Strategik sheriklik kengashining navbatdagi yig‘ilishiga tayyorgarlik masalalari muhokama qilindi.
Muloqot yakunida O‘zbekiston rahbari Turkiya yetakchisiga joriy yilning may oyi o‘rtasida bo‘lajak prezident saylovida muvaffaqiyatlar tiladi.