TOShKENT, 2-may — Sputnik. O‘zgidromet may oyida O‘zbekiston hududida qanday ob-havo kutilayotganini ma’lum qildi.
Ta’kidlanishicha, hududning katta qismida oyning birinchi yarmida o‘rtacha kunduzgi harorat +24...+27 darajani, ikkinchi yarmida esa +28...+31 darajani tashkil etadi. May oyida yoz faslidagi kabi harorat +35...+37 darajagacha bo‘lgan issiq kunlar ham kuzatiladi.
Meteorologik kuzatuvlarning barcha yillari uchun may oyining mutlaq maksimumi +39-41 darajani, shimolda, janubda va cho‘l hududlarda ba’zi joylarda +43...+45 darajani tashkil etadi.
Biroq, juda kamdan-kam hollarda, may oyida ham kunduzgi harorat +13...+18 darajagacha pasayadigan kunlar kuzatiladi.
Ushbu yilda may quruq va iliq ob-havo bilan boshlanadi.
Oyning ilk haftasi davomida havo harorati biroz pasayadi va kunduzi +23...+28 darajani tashkil etadi, o‘n kunlikning eng oxirida esa harorat yana ko‘tarila boshlaydi. Keyinchalik may oyining oxirigacha harorat kechalari +10...+13 darajadan +17...+20 darajagacha, kunduz kunlari +22...+25 darajadan +32...+35 darajagacha o‘zgarib turishi kutilmoqda.
1 maydan 10-maygacha asosan yog‘ingarchiliksiz ob-havo bo‘lishi kutilmoqda, faqat 4-may kuni shimoli-g‘arbiy hududlarda, 6-7 may kunlari respublikaning qolgan hududlarida asosan jadalligi biroz bo‘lgan momaqaldiroqli qisqa muddatli yomg‘irlar yog‘ishi mumkin. Umuman olganda, may oyida yog‘ingarchilik meyordan kam, ba’zi joylarda meyor atrofida bo‘lishi prognoz qilinmoqda.