TOShKENT, 1-may — Sputnik. Toshkent shahar hokimligida hokim o‘rinbosari — Investitsiyalar va tashqi savdo boshqarmasi boshlig‘i Sharof Rahmonovning Rossiya Federatsiyasi Razan viloyatining rasmiy delegatsiyasi bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda poytaxt hokimligi matbuot xizmati xabar berdi.
Razan viloyatining iqtisodiy rivojlanish vaziri Andrey Vorfolomeyev samimiy qabul uchun minnatdorchilik bildirdi hamda o‘zaro manfaatli hamkorlik yo‘nalishlarini muhokama etishni taklif qildi.
Qayd etilishicha, ayni paytda O‘zbekiston bilan Razan viloyati o‘rtasidagi hamkorlik to‘qimachilik va qishloq xo‘jaligi sohalarida yaxshi rivojlangan. Vorfolomeyev energetika, qurilish, raqamlashtirish, shaharsozlik, maishiy chiqindilarni yo‘q qilish kabi boshqa yo‘nalishlarda ham iqtisodiy aloqalar ko‘lamini kengaytirish istagini bildirdi.
Uchrashuvda tomonlar qo‘shma loyihalarni amalga oshirishning istiqbolli yo‘nalishlarini ko‘rib chiqib, muhokama qildilar.
Rahmonov rossiyaliklarni poytaxtdagi yangilanish va o‘zgarishlar bilan tanishtirdi, investorlar bilan hamkorlikda amalga oshirilayotgan loyihalar haqida gapirdi. U Toshkent shahrini yanada rivojlantirish, aholi uchun munosib turmush sharoitini yaratish ustuvor vazifa ekanini ta’kidladi.
Uchrashuv yakunida tomonlar hamkorlikning barcha jihatlarini har tomonlama ko‘rib chiqishga kelishib oldilar.