Braziliya bilan hamkorligimizni yanada chuqurlashtirishga tayyormiz – Saidov

O‘zbekiston va Braziliya tashqi ishlar vazirlari ikki mamlakat o‘rtasida diplomatik munosabatlar o‘rnatilganiga 30-yil to‘lgani munosabati bilan o‘zaro tabrik almashishdi.
Sputnik
TOShKENT, 30 apr — Sputnik. O‘zbekiston va Braziliya o‘rtasida diplomatik munosabatlar o‘rnatilganiga 30-yil to‘ldi. Bu muhim voqea munosabati bilan ikki mamlakat tashqi siyosat idoralari rahbarlari Baxtiyor Saidov va Mauro Viyeyra tabrik maktublari almashdilar.
Xususan, O‘zbekiston TIV rahbari o‘z maktubida o‘zaro hurmat va bir-birini qo‘llab-quvvatlash tamoyillariga asoslangan O‘zbekiston-Braziliya munosabatlari turli sohalarda izchil rivojlanib borayotganini ta’kidladi.
“Biz barcha sohalarda hamkorligimizni yanada chuqurlashtirishga tayyormiz”, - dedi yozdi Saidov o‘zining Telegram-kanalida.
O‘zbekiston TIV rahbari davlatlararo muloqotni yangi bosqichga ko‘tarish, shu jumladan, siyosiy hamkorlik va parlamentlararo aloqalarni mustahkamlash, investitsiya sherikligini kengaytirish lozimligini ta’kidlagan. Ikki davlat o‘rtasida qishloq xo‘jaligi, sanoat, turizm, sog‘liqni saqlash, ta’lim, fan va innovatsiyalar sohalarida hamkorlik qilish va qo‘shma loyihalarni amalga oshirish imkoniyatlari mavjud.
O‘z navbatida, Braziliya tashqi ishlar vaziri Mauro Viyeyraning ta’kidlashicha, so‘nggi yillarda O‘zbekiston Braziliyaning Markaziy Osiyodagi asosiy sheriklaridan biri sifatidagi maqomini mustahkamlab bormoqda. O‘tgan davr mobaynida O‘zbekiston va Braziliya o‘rtasidagi do‘stona aloqalar izchil rivojlanib kelayotir. Uning fikriga ko‘ra, bugun ikki mamlakat va xalqlarning manfaatlari yo‘lida hamkorlikni yanada chuqurlashtirish vaqti keldi.
Shu nuqtayi nazardan, u Braziliya hukumatining O‘zbekiston bilan ikki va ko‘p tomonlama siyosiy muloqotni jadallashtirish, ishbilarmon doiralarning to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalarini kengaytirish va savdo-iqtisodiy aloqalarni kuchaytirishga tayyorligini tasdiqladi.