TOShKENT, 30 apr — Sputnik. AQSh razvedkasi ayrim nufuzli davlatlar, jumladan, Braziliya, Misr, Hindiston va Pokiston Moskva va Pekinga qarshi ziddiyatda Vashingtonni qo‘llab-quvvatlash niyatida emasligini qayd etmoqda. Bu haqda “The Washington Post” gazetasida chop qilingan maqolada so‘z boradi.
Gazeta ma’lumotlariga ko‘ra, ko‘plab mamlakatlar AQSh, Rossiya va Xitoy o‘rtasidagi ziddiyatda o‘zlarini chetga olishga urinishmoqda.
Maqolada yozilishicha, “AQSh prezidenti Jo Baydenning global kun tartibi rivojlanayotgan mamlakatlar AQSh, Rossiya va Xitoy o‘rtasida kuchayib borayotgan qarama-qarshilikdan o‘zini chetga olishga va ayrim hollarda bu raqobatdan o‘z manfaatlari yo‘lida foydalanishga urinishayotgani ortidan jiddiy chaqiriqlarga duch kelmoqda”.
Nashrning aniqlik kiritishicha, Amerika razvedka xizmatlarining tegishli xulosalari ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan maxfiy hujjatlarda bayon qilingan.
Materialda ta’kidlanishicha, Braziliya, Misr, Hindiston va Pokiston “Amerika shak-shubhasiz buyuk davlat bo‘lmay qolgan davrda” u yoki bu tomonni qo‘llashni istamayapti. Amerika razvedka xizmatlari bahosiga ko‘ra, “nufuzli mintaqaviy davlatlar” Vashington, Moskva va Pekin o‘rtasidagi raqobatchilikda o‘zini chetga olishga intilishmoqda.
Qayd etilishicha, Rossiya “G‘arb bosimini qaytarishga qodirligini namoyon etmoqda”. Garchi AQShning Yevropa va Sharqiy Osiyodagi asosiy ittifoqchilari Ukrainaga oid Bayden kampaniyasini qo‘llashgan va ko‘proq qurol-yaroq taqdim etayotgan, Rossiya energiya resurslaridan voz kechishayotgan bo‘lsada, boshqa joylarda Vashington qarshilikka duch keldi.
Maqolada yozilishicha, AQSh razvedkasi qo‘lga kiritgan ma’lumotlar shundan dalolat beradiki, Pokiston davlat tashqi ishlar vaziri Xina Rabboniy Kxar mart oyida Pekin bilan aloqalar zarariga G‘arb talablarini bajarishga qarshi chiqqan. U xizmat yuzasidan yozilgan ma’lumotnomada Xitoy bilan hamkorlik Pokiston uchun “haqiqatdan strategik” ekanini ta’kidlagan.
Amerika tomoni ma’lumotlariga ko‘ra, Pokiston bosh vaziri Shahboz Sharif fevral oyida BMT Bosh Assambleyasining Rossiyaga qarshi rezolyutsiyasi to‘g‘risidagi masala yuzasidan o‘z xodimlari bilan maslahatlashgan. O‘shanda Sharifning yordamchilaridan biri muhokama chog‘ida rezolyutsiyani yoqlash Rossiya bilan savdo va energetika masalalari muzokaralariga xalal berishi mumkinligini ta’kidlagan. Natijada Pokiston bu rezolyutsiyaga ovoz berishda betaraf qolgan.
“Hindiston ham, aftidan, Vashington va Moskva o‘rtasida tarafni tanlashdan o‘zini olib qochmoqda”, - deyiladi xabarda. AQSh razvedkasi versiyasiga qaraganda, Hindiston bosh vazirining milliy xavfsizlik bo‘yicha maslahatchisi Anjit Doval Rossiya Xavfsizlik kengashi kotibi Nikolay Patrushev bilan uchrashuvda Nyu-Dehli Moskvani xalqaro maydonlarda qo‘llab-quvvatlashga tayyorligini bildirgan. Ta’kidlanishicha, Doval Hindiston ilgari bildirgan asosiy pozitsiyalaridan og‘masligi va BMT Bosh Assambleyasida tilga olingan rezolyutsiyani yoqlamasligini qayd etgan.
Maqolada keltirilishicha, Braziliya prezidenti Luis Inasiu Lula da Silva “G‘arb Kiyevga qurol-yarog‘ yetkazib, Ukrainadagi mojaroni cho‘zayotganiga shama qilishi bilan NATO mamlakatlarining jahlini chiqargan”.