TOShKENT, 29 apr — Sputnik. Eng oxirgi referendum uchastkasi 1-may kuni O‘zbekiston vaqti bilan soat 9:00da ochiladi. Bu haqda Markaziy saylov komissiyasi raisi Zayniddin Nizamxodjayev matbuot anjumanida ma’lum qildi, deya xabar berdi Sputnik muxbiri.
Qayd etilishicha, respublikada referendumda ovoz berish jarayonlari 30-aprel kuni soat 08:00 dan boshlanadi. Xorijiy davlatlarda tuzilgan referendum uchastkalari o‘sha davlatlarning mahalliy vaqti bilan ochiladi.
"Eng oxirgi referendum uchastkasi 1-may kuni Nyu-York shahrida O‘zbekiston vaqti bilan soat 9:00da ochiladi", deya jurnalistlarning savoliga javob berdi MSK raisi.
Eslatib o‘tamiz, xorijdagi O‘zbekiston fuqarolari mamlakatning chet davlatlardagi diplomatik va boshqa vakolatxonalari huzurida tuzilgan 55 ta referendum uchastkasida ovoz berishlari mumkin.