TOShKENT, 26 apr — Sputnik. O‘zbekiston prezidenti matbuot xizmati Shavkat Mirziyoyevning rossiyalik hamkasbi Vladimir Putin bilan telefon orqali muloqoti tafsilotlarini ma’lum qildi.
Ta’kidlanishicha, muloqot chog‘ida amaliy hamkorlikni kengaytirish, savdo munosabatlari sur’atini ta’minlash va yetakchi korxonalarning kooperatsiya loyihalarini qo‘llab-quvvatlash masalalari ko‘rib chiqildi.
Ikki mamlakat yetakchilari shu kunlarda o‘tayotgan “INNOPROM. Markaziy Osiyo” xalqaro sanoat ko‘rgazmasining samarali natijalarini katta mamnuniyat bilan qayd etishdi.
Ushbu tadbirda 35 mamlakat biznesining 5 ming nafardan ziyod vakili ishtirok etmoqda.
Suhbat chog‘ida avtomobilsozlik, temir yo‘l transporti, farmatsevtika, kimyo sanoati va boshqa ustuvor tarmoqlarda o‘zaro manfaatli hamkorlikni yanada kengaytirish muhimligi ta’kidlandi.
Sanoat ipotekasi, klasterlar, industrial rivojlanish jamg‘armasi kabi vositalarni rivojlantirish borasidagi ilg‘or tajribani o‘rganishdan manfaatdorlik bildirildi.
Mintaqaviy hamkorlikning dolzarb jihatlari yuzasidan ham fikr almashildi.
Muloqot yakunida Mirziyoyev Konstitutsiya bo‘yicha bo‘lajak referendumning Rossiya hududida o‘tkazilishiga ko‘rsatilayotgan ko‘mak uchun Rossiya prezidentiga samimiy minnatdorlik bildirdi.
Eslatib o‘tamiz, sal oldinroq Rossiya rahbarining matbuot kotibi Dmitriy Peskov Rossiya prezidenti Vladimir Putin O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev bilan telefon orqali muloqot qilganini ma’lum qilgani xabar qilingan edi.