Innoprom — 2023

Qarshi va Novocheboksark birodar shaharlarga aylandi

Chuvash respublikasining Novocheboksark shaharlari va Qashqadaryo viloyatining Qarshi shahri o‘rtasida qardosh shahar munosabatlari o‘rnatildi.
Sputnik
TOShKENT, 25 apr — Sputnik. Rossiyaning Chuvashiya respublikasi Novocheboksark shahri va O‘zbekistonning Qashqadaryo viloyati Qarshi shahri o‘rtasida birodarlik aloqalari o‘rnatildi. Bu haqda Sputnik muxbiriga Chuvashiya respublikasi ma’muriyati matbuot xizmati ma’lum qildi.
Tegishli bitimni “Innoprom. Markaziy Osiyo” - uchinchi xalqaro sanoat ko‘rgazmasi doirasida Chuvashiya respublikasi rahbari Oleg Nikolayev va Qashqadaryo viloyati hokimi Murotjon Azimov imzoladi.

“Bitim har ikki mintaqa uchun ma’lum imkoniyatlarni ochadigan katta, ko‘p qirrali yo‘lning boshlanishidir. Ishonchim komilki, bizda qiziqarli qo‘shma loyihalar va amalga oshirish uchun g‘oyalar bo‘ladi”, - deydi Oleg Nikolayev.

Birodar shahar maqomini mustahkamlash keng sarmoyaviy hamkorlikni, Novocheboksarsk va Qarshi shaharlarida ro‘yxatdan o‘tgan tadbirkorlik subyektlari o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalarni yo‘lga qo‘yish, shuningdek, turizm aloqalarini mustahkamlashni nazarda tutadi.
Bundan tashqari, tomonlar turli sohalardagi hamkorlikka qiziqish bildirdi.

“Savdo-iqtisodiy, sanoat, ijtimoiy sohalar, shuningdek, qishloq xo‘jaligi, traktorsozlik sohalarida hamkorlik qilish to‘g‘risida kelishib oldik. Bunday hamkorlik ikki mamlakat xalqlari o‘rtasidagi konstruktiv muloqot, o‘zaro hamjihatlik va do‘stlikning asosiy elementidir”, - deya qo‘shimcha qildi Nikolayev.

Shuningdek, u O‘zbekistonga piyoz to‘plami yetkazib berishga tayyorligini ma’lum qildi. O‘z navbatida Murotjon Azimov Chuvashiya respublikasidan kartoshka yetkazib berish va chuvash traktorlarini yig‘ish masalasiga qiziqish bildirdi.
Eslatib o‘tamiz, Toshkentda “Innoprom. Markaziy Osiyo” - uchinchi xalqaro sanoat ko‘rgazmasi bo‘lib o‘tmoqda. Unda Rossiya, O‘zbekiston, Belarus, Qozog‘iston, Tojikiston va Qirg‘izistondan 300 dan ortiq kompaniya ishtirok etmoqda.
Tadbirning asosiy maqsadlari – sohadagi eng ilg‘or texnologiyalar va ishlanmalarni keng targ‘ib qilish, O‘zbekiston sanoat korxonalari va boshqa mamlakatlar o‘rtasida aloqalarni yo‘lga qo‘yishdan iborat. Investitsion bitimlar va savdo shartnomalarining mustahkam paketi imzolanishi kutilmoqda.