TOShKENT, 24 apr — Sputnik. Rossiya Ozarbayjon va Armanistonni zudlik bilan mavjud kelishuvlarga qaytishga chorlaydi, Moskva Qorabog‘da o‘t ochishni bas qilish rejimi buzilishi ko‘payganidan o‘ta xavotirda. Bu haqda Rossiya TIV bayonot berdi.
“O‘t ochishni bas qilishning buzilishi soni o‘sishini o‘ta xavotir bilan qayd etamiz. <...> Tomonlarni zudlik bilan mavjud kelishuvlarga qaytishga chaqiramiz”, - deyiladi rasmiy bayonotda.
Rossiya TIV Ozarbayjon va Armanistonga har qanday darajada yordam ko‘rsatishga hozirligini ma’lum qilgan.
“Har qanday holatda mahalliy aholi jabrlanmasligi va ular hayot faoliyatiga biror bir to‘siqlik yaratilmasligi shart va zarurligidan kelib chiqamiz”, - deyiladi xabarda.
Moskva Ozarbayjon va Armaniston ommaviy maydonida ayblov va agressiv ohang o‘sib borayotganini xavfli deb hisoblashini ta’kidlagan. Shuningdek, Rossiya, Ozarbayjon va Armaniston yetakchilarining 2020-yil 9-noyabrdagi uch tomonlama bayonotlari asosiy nizomlarini buzuvchi, jumladan, Lochin yo‘lagi ishi rejimini o‘zgartirishga oid har qanday bir yoqlama choralarni nomaqbul deb biladi.
Rossiya TIV Boku va Yerevan siyosiy irodasini ko‘rsatib, salbiy harakatlarni yengib o‘tishiga umid bildirgan.
Kuni kecha Ozarbayjon Davlat chegara xizmati Armaniston bilan chegarada Lochin yo‘lagidagi Stepanakert (Xankendi) yo‘li boshida nazorat-o‘tkazish punktini o‘rnatdi. Boku buni xavfsizlikka bo‘layotgan tahdidlar hamda Armanistonning yo‘ldan noqonuniy foydalangani bilan tushuntirdi. Yerevan bu 2020-yildagi uch tomonlama bayonotga zid ekanini ta’kidlamoqda.