Ozarbayjonda O‘zbekiston tajribasi asosida paxta-to‘qimachilik klasterlari tashkil etiladi

Muloqot chog‘ida so‘nggi bir necha yil ichida O‘zbekiston-Ozarbayjon hamkorligida ijobiy dinamika kuzatilayotgani ta’kidlandi.
Sputnik
TOShKENT, 23 apr — Sputnik. 20-aprel kuni O‘zbekiston investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Qudratov Boku shahrida Ozarbayjon iqtisodiyot vaziri Mikayil Jabbarov bilan uchrashuv o‘tkazdi. Bu haqda investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
Muloqot chog‘ida so‘nggi bir necha yil ichida O‘zbekiston-Ozarbayjon hamkorligida ijobiy dinamika kuzatilayotgani ta’kidlandi. Joriy yilning fevral oyida Toshkent shahrida bo‘lib o‘tgan ikki davlatning I-hududlararo forumining natijadorligi va turli yo‘nalishlarda o‘zaro hamkorlikni rivojlantirishga katta turtki bergani ta’kidlandi.
Tomonlar investitsiyalar sohasida hamkorlikni chuqurlashtirish istiqbollariga e’tibor qaratdi. Tashkil etilayotgan O‘zbekiston-Ozarbayjon investitsiya jamg‘armasi bu jarayonda alohida o‘rin tutishi kutilayotgani qayd etildi.
Ozarbayjonda O‘zbekiston tajribasi asosida to‘liq ishlab chiqarish siklidagi paxta-to‘qimachilik klasterlarini tashkil etish bo‘yicha kelishuvga erishildi. Shuningdek, ipakchilik va mashinasozlik yo‘nalishlarida ilgari kelishilgan loyihalarni hayotga tatbiq etish jarayoni ko‘rib chiqildi.
O‘zaro savdo masalalariga kelganda, uning hajmini 1 milliard dollarga yetkazish rejalashtirildi. Bundan tashqari, tomonlar sanoat, energetika, qishloq xo‘jaligi, kichik va o‘rta biznes, transport, tranzit va boshqa sohalardagi aloqalarni rivojlantirish istiqbollarini muhokama qildi.
Uchrashuv yakunlari bo‘yicha hamkorlikni davom ettirishga o‘zaro tayyorlik bildirildi va ikki davlat o‘rtasidagi savdo aloqalarini rivojlantirish uchun qulay shart-sharoitlarni yaratish maqsadida faol hamkorlik qilish formati ishlab chiqildi.