TOShKENT, 21 apr – Sputnik. O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Ramazon hayiti arafasida jazo muddatini o‘tayotgan shaxslarni afv etish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi.
Unga muvofiq, jazo muddatini o‘tayotgan hamda qilmishiga chin ko‘ngildan pushaymon bo‘lgan va tuzalish yo‘liga qat’iy o‘tgan 541 kishi afv etildi. Afv etilgan shaxslarning aksariyati ayollar va yoshi 60 dan oshgan erkaklar tashkil qiladi.
"Afv etilganlarning 36 nafarini chet el fuqarolari, 136 nafarini ayol, 75 nafarini 60 yoshdan oshgan erkaklar hamda 6 nafarini taqiqlangan tashkilotlar faoliyatida qatnashgan shaxslar tashkil etadi", – deyiladi qaror matnida.
Farmonga ko‘ra, afv etilgan shaxslarning 374 nafari asosiy jazodan to‘liq ozod etildi, 110 nafari jazoni o‘tashdan muddatidan ilgari shartli ozod qilindi, 18 nafarining ozodlikdan mahrum etish jazosi yengilroq jazo bilan almashtirildi. Shuningdek, 39 nafar shaxslarga tayinlangan ozodlikdan mahrum etish jazosining muddatlari qisqartirildi.
Farmon ijrosi yuzasidan afv etilgan shaxslarni oilasi va yaqinlari bag‘riga qaytarish, ijtimoiy hayotga moslashib, foydali mehnat bilan shug‘ullanishlari, sog‘lom turmush tarzini yo‘lga qo‘yib, jamiyatda munosib o‘rin topishlari uchun ularga ko‘mak berish bo‘yicha mas’ul vazirlik va idoralarga tegishli topshiriqlar berildi.