O‘FA Shahriyor Jabborov bilan bog‘liq vaziyat yuzasidan bayonot berdi

Kuni kecha Osiyo futbol konfederatsiyasi O‘zbekiston-Avstraliya uchrashuvidan keyingi doping tekshiruvda Shahriyor Jabborovda taqiqlangan modda aniqlanganini ma’lum qilgan edi.
Sputnik
TOShKENT, 18 apr — Sputnik. O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi (O‘FA) mamlakat yoshlar terma jamoasi a’zosi Shahriyor Jabborov bilan bog‘liq holatni to‘liq o‘rganib chiqish uchun ichki tekshiruv boshladi. Bu haqda O‘FA matbuot xizmati xabar berdi.
Ta’kidlanishicha, tekshiruvda futbolchi, tibbiy qo‘mita mutaxassislari, terma jamoa hamda klub shifokorlari ishtirok etishmoqda.
Dastlabki taxminlarga ko‘ra, Jabborov ehtiyotsizlik sabab sifatsiz biologik faol moddalar iste’mol qilgan bo‘lishi ehtimoli o‘rganib chiqilmoqda.
“Shuni ta’kidlash kerak, turnir davomida O‘zbekiston U-20 terma jamoasining aksariyat futbolchilari doping tekshiruvdan o‘tgan va hech kimda taqiqlangan vositalar aniqlanmagan”, - deyiladi xabarda.
Ushbu tekshiriv "A", ya’ni birinchisi hisoblanib, undan so‘ng "B" qo‘shimcha tekshiruvi o‘tkaziladi. Aynan ikkinchi tekshiruvdan so‘ng yakuniy qaror chiqariladi.
Kuni kecha Osiyo futbol konfederatsiyasi O‘zbekistonda bo‘lib o‘tgan U-20 Osiyo kubogi bo‘yicha tibbiy xulosasini taqdim etdi. Unga ko‘ra, O‘zbekiston-Avstraliya uchrashuvidan keyingi doping tekshiruvda Shahriyor Jabborovda taqiqlangan modda aniqlangan. Shu bois u futbol bilan bog‘liq barcha tadbirlar, jumladan, ichki, xalqaro o‘rtoqlik va rasmiy o‘yinlardan vaqtincha chetlashtirilgan.