TOShKENT, 18 apr — Sputnik. O‘zbekiston musulmonlari idorasida (O‘MI) Ramazon oyi va hayitini munosib kutib olish, Islom dini tartib-qoidalari asosida hilolni kuzatish bo‘yicha ishchi guruh faoliyat yuritmoqda.
O‘MI matbuot xizmati xabariga ko‘ra, mazkur ishchi guruhning vakillari mamlakatning turli hududlarida hamda AQSh, Turkiya, Janubiy Koreya va Rossiya mintaqalarida ham kuzatish ishlarini olib bormoqda.
Taniqli ulamolar va malakali mutaxassislardan iborat mazkur ishchi guruh Ramazon hayitining birinchi kuni – Shavvol hilolini astronomik tahlillar hamda xorijiy davlatlardagi mutaxassislar bilan hamkorlik asosida kuzatishmoqda.
Ta’kidlanishicha, ushbu ishchi guruh kuzatish natijalarini O‘zbekiston musulmonlari idorasi Ulamolar Kengashiga taqdim etadi.
Ramazon hayitining birinchi kuni haqidagi ma’lumotlarni Ulamolar Kengashi ko‘rib chiqadi va tegishli xulosalarni qabul qiladi.
Qayd etish joizki, qo‘shni davlatlar, xususan, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Turkmaniston va Tojikistonda Ramazon hayiti bu yil 21-aprel kuni nishonlanadi. Rossiyada ham Ramazon hayiti 21-aprel kuni bo‘lishi rasman e’lon qilingan.