Nuriddin Ismoilov Tojikistonning O‘zbekistondagi elchisini qabul qildi

Muloqot yakunida tomonlar o‘zaro aloqalarini mustahkamlash va amaliy hamkorlikni har tomonlama davom ettirishga kelishib oldilar.
Sputnik
TOShKENT, 18 apr — Sputnik. 17 aprel kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasi spikeri Nuriddin Ismoilov Tojikistonning O‘zbekistondagi elchisi Abdujabbor Rahmonzodani qabul qildi. Bu haqda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi saytida ma’lum qilindi.
Uchrashuvda so‘nggi yillarda ikki davlat rahbarlarining o‘zaro ishonchga asoslangan munosabatlari va qat’iy siyosiy irodasi tufayli O‘zbekiston-Tojikiston qardoshlik rishtalari rivojida yutuqlarga erishilgani, ikki tomonlama aloqalar sezilarli darajada faollashgani alohida ta’kidlandi.
Tojikiston elchisiga ayni kunlarda O‘zbekiston xalqi va mamlakati bevosita demokratiyaning muhim instituti bo‘lmish umumxalq referendumiga yuqori darajada tayyorgarlik ko‘rayotgani yuzasidan ma’lumot berildi.
Abdujabbor Rahmonzoda mazkur jarayonlarning ommaviy axborot vositalarida keng va ochiq yoritib borilayotganligiga e’tibor qaratdi.
Uchrashuvda O‘zbekiston va Tojikiston parlamentlararo do‘stlik guruhlari ikki tomonlama savdo-iqtisodiy va madaniy-gumanitar hamkorlikni yanada jadallashtirishga qaratilgan huquqiy bazani takomillashtirish, xususan delegatsiyalar almashuvi, o‘zaro tadbirlarda qatnashish hamda dolzarb xalqaro va mintaqaviy masalalar yuzasidan ochiq muloqot olib borish borasidagi ishlarni yanada jadallashtirish yuzasidan fikr almashildi.
Muloqot yakunida tomonlar o‘zaro aloqalarini mustahkamlash va amaliy hamkorlikni har tomonlama davom ettirishga kelishib oldilar.