Hindistonda o‘tkaziladigan festivalda Andijon madaniy salohiyati taqdim etiladi

Oktabr oyida Gujaratda tashkil etiladigan madaniyat va raqs festivalining bir kunini Andijon viloyatining madaniy-gumanitar, jumladan, turizm salohiyatiga bag‘ishlashga kelishib olindi.
Sputnik
TOShKENT, 16 apr — Sputnik. Hindistonning Gujarat shtatida joriy yil kuzda bo‘lib o‘tadigan madaniyat va raqs festivalida Andijon viloyati madaniy-gumanitar salohiyati taqdim etiladi. Bu haqda “Dunyo” AA xabar berdi.
Hindistonda amaliy tashrif bilan bo‘lib turgan Andijon viloyati hokimining o‘rinbosari Aziz Mahsumov boshchiligidagi delegatsiya Gujarat shtati turizm va madaniyat ishlari vaziri Mulubay Xardashbay Bera va turizm vaziri o‘rinbosari Xarit Shukla bilan uchrashdi.
Uchrashuvda Andijon viloyati va Gujarat shtati o‘rtasida turizm sohasidagi aloqalarni rivojlantirish, soha mutaxassislari uchun o‘quv kurslari tashkil qilish, hindistonliklarni O‘zbekiston, jumladan, Andijon haqida kengroq bilim va axborotga ega bo‘lishiga qaratilgan hamkorlikni rivojlantirish yuzasidan fikr almashildi.
Joriy yil oktabr oyida Gujaratda tashkil etiladigan madaniyat va raqs festivalining bir kunini Andijon viloyatining madaniy-gumanitar, jumladan, turizm salohiyatiga bag‘ishlashga kelishib olindi.
Gujarat oliy ta’lim departamenti rahbari Mukesh Kumar bilan ikki hududdagi oliy ta’lim muassasalari o‘rtasida hamkorlikni rivojlantirish istiqbollari ko‘rib chiqildi.
Shuningdek, Gujaratda faoliyat yurituvchi 20 dan ortiq yirik turistik kompaniya va uyushmalar uchun Andijon viloyatining turizm salohiyati taqdim qilindi. Delegatsiyaning amaliy safari davom etmoqda.