TOShKENT, 15 apr — Sputnik. Referendum kuni nogironligi bor shaxslar uchun bepul transport qatnovi yo‘lga qo‘yiladi. Bu haqda Markaziy saylov komissiyasining № 1237-sonli qarorida nazarda tutilgan.
Hujjat bilan referendumda ovoz berish bulletenini to‘ldirish uchun Brayl alifbosi asosida tayyorlanadigan trafaret tasdiqlandi. Unga ko‘ra, referendum uchatkalariga 19-aprelga qadar tegishli miqdordagi trafaretlar yetkazib beriladi.
Bulleten
© SIK
Nogironligi bor shaxslar uchun referendum uchastkalarida quyidagi sharoitlar yaratiladi:
nogironligi bo‘lgan va jismoniy imkoniyati cheklangan shaxslar uchun maxsus jihozlangan yashirin ovoz berish kabinalari joylashtiriladi;
zaruratga ko‘ra, referendum uchastkalarida ko‘zi ojiz va zaif ko‘ruvchi ovoz beruvchi fuqarolar uchun optik lupalar hamda yoritkichlar qo‘yiladi;
ehtiyojdan kelib chiqib, nogironligi bo‘lgan ovoz beruvchi fuqarolar gavjum yashaydigan hududlarda, ularning referendum uchastkalariga kelib ketishlari uchun bepul transport qatnovi yo‘lga qo‘yiladi;
referendum uchastkasi joylashgan binolarning kirib-chiqish joylariga eni kamida 90 sm va chiqish burchagi (qiyaligi) 300 dan ko‘p bo‘lmagan nishab yo‘lakchalar (panduslar) o‘rnatiladi.
Qolaversa, ovoz berish binolariga yaqin bo‘lgan avtomobillar to‘xtab turish joylarida nogironligi bo‘lgan shaxslarning avtotransport vositalari uchun to‘xtab turish joylari tashkil etiladi.