Shahrisabzda hunarmand mikromarkazi ishga tushdi — foto

Hunarmand mikromarkazida jami 50 dan ortiq xotin-qizlar hunar o‘rganmoqda. Kelgusida viloyatning boshqa hududlarida ham mikromarkazlar va savdo uylari ochish rejalashtirilgan.
Sputnik
TOShKENT, 13 apr — Sputnik. Qashqadaryo viloyatining Shahrisabz shahrida “Hunarmand mikromarkazi” ishga tushdi. Bu haqda Sputnik muxbiriga Respublika hunarmand uyushmasi ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, Kulolchilik mahallasida joylashgan 4 ta bo‘sh turgan bino elektron auksion orqali hunarmandlarga ijara huquqi asosida berildi.

“Mikromarkazda jami 50 dan ortiq xotin-qizlar hunar o‘rganib, ish bilan ta’minlanmoqda. Quvonarlisi, mikromarkaz ishga tushgan joy shaharning tarixiy qismi bo‘lib, ko‘plab mahalliy va xorijiy sayyohlar tashrifi kuzatiladi”, - dedi Respublika “Hunarmand” uyushmasi axborot xizmati rahbari Nilufar Hotamova.

Markazda shogirdlarga milliy kashtachilik, do‘ppidozlik, so‘zana tikish, tikuvchilikning boshqa turlari, popirchilik, dizayn, baldoq yasash, zardo‘zlik kabi hunarlar o‘rgatilmoqda.
Mikromarkazda usta hunarmandlar uchun 25-30 nafardan shogird tayyorlash bo‘yicha talablar ham qo‘yilgan. Hozirda Shahrisabz shahar "Hunarmand" boshqarmasi tashabbusi bilan “ustoz-shogird” an’anasi asosida hududdagi 30 dan ortiq hunarmandlarga 300 nafar shogirdlar biriktirilgan.
Aytilishicha, kelgusida viloyatning boshqa hududlarida ham mikromarkazlar va savdo uylarini ochish rejalashtirilgan.