TOShKENT, 13 apr — Sputnik. Endi dastlabki badalni ko‘proq to‘lagan fuqarolarga arzonroq kredit olish imkoniyati beriladi. Bu haqda 13-aprel kuni prezident tomonidan qabul qilingan farmonda nazarda tutilgan, deya xabar berdi O‘zA.
Ipoteka kreditlari orqali aholini uy-joy bilan ta’minlash yuzasidan yangi farmon qabul qilindi. Hujjatga ko‘ra, ipoteka kreditlari va subsidiyalarni ajratish tartibiga bir qator o‘zgartirishlar kiritildi.
Ipoteka kreditlarini ajratish tartibi
Banklarga ipoteka kreditlarini rasmiy daromadga ega bo‘lmagan jismoniy shaxslarga ham ajratishga ruxsat etildi. Bunda, ushbu fuqarolarning to‘lov qobiliyati ularning bank kartasidagi aylanmasi, ijara, kommunal va boshqa xarajatlarini hisobga olish orqali aniqlanadi.
Banklarga dastlabki badal miqdori, imtiyozli davr muddati va boshqa ko‘rsatkichlardan kelib chiqib, kreditlar bo‘yicha tabaqalashtirilgan foiz stavkalarini o‘rnatish huquqi berildi. Bunda, dastlabki badalni ko‘proq to‘lagan fuqaro arzonroq kredit olish imkoniga ega.
Subsidiyalarni ajratish tartibi
Subsidiyaga ajratilgan mablag‘larni tezroq ishlatish uchun, subsidiya xabarnomasining amal qilish muddati 12 oydan 4 oyga tushirildi. Bunda, fuqaro 4 oyda sertifikatdan foydalana olmasa, u subsidiyaga qayta ariza topshirishi mumkin.
Iqtisodiyot va moliya vazirligiga Xalqparvar komissiyalarining xulosasiga asosan xato ajratilgan subsidiya sertifikatlarini to‘g‘ridan-to‘g‘ri bekor qilish va to‘lovlarni to‘xtatish huquqi berildi.