Kechayu kunduz ishlaydigan “Yoshlar sayilgohlari” tashkil etiladi

Bu joylarda kibersport, sport va intellektual o‘yingohlar, karaoke klublari, teatr, moda podiumlari, kovorking kabilar bo‘ladi.
Sputnik
TOShKENT, 11 apr — Sputnik. Viloyat markazlarida butun hafta kechayu kunduz ishlaydigan “Yoshlar sayilgohlari” tashkil etiladi. Prezident Shavkat Mirziyoyev yoshlar bilan ishlash tizimini yanada takomillashtirishga bag‘ishlangan yig‘ilishda tegishli topshiriqni berdi.
Qayd etilishicha, bugungi kunda 1,5 million yoshlar bo‘sh vaqtini chet tilini o‘rganishga bag‘ishlamoqda.
Lekin shu bilan birga, yaqinda 100 ming nafar yoshlar o‘rtasida o‘tkazilgan so‘rovnomada yoshlar futbol, voleybol, stol tennisi va badminton kabi sport turlari bilan shug‘ullanishga qiziqishi, bo‘sh vaqtini kibersport bilan o‘tkazishini, kitobxonlik, musiqa, raqs, karaoke, teatr va kino bo‘yicha infratuzilmaga ehtiyoj borligini aytgan, oilaviy aylanish uchun xiyobon va sayilgohlar tashkil etilishini so‘ragan.
“Shu munosabat bilan viloyat markazlarida, keyinchalik tumanlarda butun hafta kechayu kunduz ishlaydigan “Yoshlar sayilgohlari”ni tashkil etish topshirildi”, - deyilgan xabarda.
Bu joylarda kibersport, sport va intellektual o‘yingohlar, karaoke klublari, teatr, moda podiumlari, buk-kafe, kovorkinglar va boshqa ko‘ngilochar joylar tashkil etilishi kerakligi ko‘rsatib o‘tildi.
Istirohat bog‘lari, xiyobonlarda ijodiy va kino kechalari, raqslar, diskotekalar, viktorinalar, “Quvnoqlar va zukkolar” va boshqa bilimga chorlaydigan va ko‘ngilochar, tomoshabinlar talabiga mos tadbirlarni yo‘lga qo‘yish topshirildi.
Bundan tashqari, Toshkent shahrida Anhor va Bo‘zsuv, Nukusdagi Do‘stlik, Urganchdagi Shovot, Farg‘onadagi Marg‘ilonsoy kanallari bo‘yida yoshlar ijod ko‘chalari tashkil etiladigan bo‘ldi. Bu yerda rassomlar, haykaltaroshlar, adiblar, sozandalar va ularning muxlislari uchun sharoit yaratiladi.
Har bir oliygohda kovorking, teatr studiyalari va raqs maydonchalari bo‘lishi kerakligi ta’kidlandi. Oliygoh rektorlari futbol, voleybol, basketbol, shaxmat, stol tennisi kabi sport turlari bo‘yicha o‘z klublarini tashkil etadi. Bu klublar Talabalar sport ligalariga birlashib, doimiy turnirlar o‘tkazib boradi.
Qo‘shimcha 300 ming yoshlarning xususiy markazlarda til o‘rganish xarajatlariga 100 milliard so‘m subsidiya ajratiladi.
Mamlakatdagi 206 ta oromgoh yil davomida ishlaydigan tizimga o‘tkazilib, har yili 100 ming nafar yoshlar qamrab oladi.