Islomobod jome masjidi. Toshkent shahrida joylashgan. O‘zbekistondagi eng yirik jome masjidi bo‘lib, har biri 63 metrdan 4 minoradan tashkil topgan. Masjid 2023-yilning 22-mart sanasidan rasmiy ravishda ishga tushdi.
Islomobod masjidi xonaqohi 8000 ming kishi namoz o‘qishi uchun mo‘ljallangan. Tahoratxonasi 150 o‘rinli, bino ichida ma’muriyat, kutubxona va shu kabi zarur xonalar ham mavjud.
Islomobod masjidi hovlisi maydoni bilan umumiy hisobda 11000 mingdan ziyod kishi namoz o‘qishi mumkin.
Urgut jome masjidi, Samarqand viloyati.
Samarqand viloyatidagi eng yirik masjid bo‘lib, 2021-yilda rasman ochilish marosimi bo‘lib o‘tgan. Bino 1,06 gektar maydonda bunyod etilgan. U ikki qavatdan iborat bo‘lib, qariyb 10 mingga yaqin namozxonni sig‘dira oladi.
Urgut jome masjidi xonaqohi 55x45 m o‘lchamda qurilgan bo‘lib, xonaqohning ikki chetida 18x45 metr o‘lchamda ayvon ham tushgan. Masjid binosining ichi an’anaviy naqshlar bilan bezatilgan.
Urgut jome masjidi xonaqohi o‘rtasidagi gumbazning balandligi 36 m, masjid chetida joylashgan to‘rtta minoraning har biri 40 m dan balandroq qilib qurilgan.
Minor jome masjidi, Toshkent shahri. O‘zbekistonning ko‘rkam va oppoq naqshinlardan iborat yirik masjidi. 2014-yilda rasman ochilgan. Xonaqohning umumiy maydoni 1326 m.kv ni tashkil etadi. Masjid 7000 dan ortiq namozxonga mo‘ljallangan. Umumiy maydoni 4.5 gektarni tashkil etadi.
“Minor” arabcha “manor” so‘zidan olingan bo‘lib, “mayoq”, “balandlik” degan ma’nolarni bildiradi. Masjid minorasining balandligi 45 m, moviy gumbaz 34 m balandlikda joylashgan.
Yusufxon o‘g‘li Qosimxon, Namangan shahri. 2021 yilda ochilgan, hududi 1.8 gektar, xonaqoh 2000 m.kv.ni tashkil qiladi. Masjid zamonaviy HI-TECH uslubida qurilgan, ichki sig‘imi 4,5 ming o‘rinli, tashqi hovliga esa 9 ming odam joylashadi. Masjid minoralari balandligi 45 m, gumbazi balandligi 36 m, aylanasi 24metr.
Devonaboy jome masjidi, Andijon shahri. Dastlab 1899-yilda qurilgan va 1944-yilda esa qaytadan ochilgan. Masjidning baland, naqshinkor minoralari, zamonaviy va sharq me’morchiligi uyg‘unlashtirilgan loyiha asosida qad rostlagan.
Devonaboy jome masjidi hashamatli binosi, mahobatli to‘rtta darvoza, bitta xonaqohi, ko‘shk va ayvonlari, muhtasham devorlari mavjud.
Hazrati Imom majmuasi, Toshkent shahri. Aholi orasida Xast Imom nomi bilan mashhur masjid va madrasa. Unda Tillashayx masjidi, Abu Bakr Kaffol Shoshiy maqbarasi, Baroqxon madrasasi va Imom al-Buxoriy Islom instituti joylashgan.
Hazrati Imom masjidi balandligi 52 m, xonaqohda 3000 ming kishi, ayvon bilan qo‘shib hisoblansa, 5000 kishi namoz o‘qishi uchun mo‘ljallangan. Xonaqohning uzunligi 77 m, eni esa 22 m, mehrobi bilan qo‘shib hisoblansa, 24 m keladi.
Kalon masjidi, Buxoro. Qutayba ibn Muslim tomonidan VIII asrda qurilgan, 1997-yilda ta’mirlanib ishga tushgan. Masjidi Kalonning tashqi 7 eshigi bo‘lib, asosiy sharqiy darvoza oldida va ichida keng ayvonlar joylashgan.
Masjid to‘g‘ri to‘rtburchak tarhli (127×78 m), keng hovli atrofini gumbazli bostirma ayvon egallagan. 188 qubba (gumbazcha) 208 ustunga tayangan. Hovlining to‘rt tomoni markazida naqshinkor peshtoqlar bor. Masjid 3000 namozxonga mo‘ljallangan.
Oxun bobo masjidi, Xorazm viloyati, Urganch shahri. Avliyo Niyoz Muhammad Oxund nomiga berilgan.
Oxun bobo ziyoratgohi va jome masjidi 2018-yilda 4000 kishi namoz o‘qishi uchun mo‘ljallanib, foydalanishga topshirilgan.
Hakim Termiziy masjidi, Surxondaryo viloyati, Termiz shahri.
2018 yili 6 gektar yer maydonida rasman ochilgan.
Hakim Termiziy masjidi 2250 nafardan ortiq namozxonga mo‘ljallangan. Masjidning ikki yonida har biri 41,5 metr bo‘lgan ikkita minora, balandligi 22 metr bo‘lgan salobatli gumbaz qad rostlagan.
Imom eshon Muhammad, Qoraqalpog‘iston respublikasi, Nukus shahri. Imom eshon Muhammad jome masjidi 2017-yilda ishga tushgan, 2000 ga yaqin namozxonga mo‘ljallangan. masjid yonida 128 o‘rinli imom-xatiblar malakasini oshirish o‘quv markazi tashkil etilib, zamonaviy jihozlar bilan ta’minlandi.
Masjidning nomi qoraqalpoq millatiga mansub diniy ulamo, Naqshbandiya tariqatining eng obro‘li shayxlaridan biri Imom Muhammad eshon Qayipnazar biy o‘g‘li xotirasiga berilgan.
Imom eshon Muhammad jome masjidi Nukus shahridagi yirik namozgohlardan bo‘lib, 2021-yilda mamlakat hududidagi eng obod masjid deya e’tirof etilgan.
Hazrati Alisher Navoiy masjidi, Navoiy shahri. Masjidining ochilish marosimi 2006-yilda bo‘lib o‘tgan. Umumiy maydoni 1,26 ga yerni egallagan. Bir vaqtning o‘zida 2000 kishini sig‘dira oladi.
Masjid balandligi 31 m, binoning ichi (20 m) va tashqi hududi bilan 30 m bo‘lib, tashqi tarafidagi ayvon 5 m. Ikkinchi qavat ham ichki tomondan ayvonli bo‘lib, uning ham eniga uzunligi 5 m ni tashkil etadi. Masjid xududida favvora va hovuz qurilgan.