TOShKENT, 11 apr — Sputnik. Moskva viloyatida Lotin Amerikasidan olib kelingan yirik kokain partiyasi qo‘lga olindi, deb xabar qilmoqda RIA Novosti Rossiya Federal xavfsizlik xizmatiga (FXX) tayanib.
Xabarda aytilishiga ko‘ra, Kolumbiya va Yevropa Ittifoqi fuqarolaridan iborat xalqaro narkokartel a’zolari narkotik moddalarni sotishga urinish vaqtida qo‘lga olingan.
"Qo‘lga olish chog‘ida Rossiyaga kelgan kartel a’zolaridan 699 kilogramm kokain topildi. Mutaxassislarning fikricha, narkotiklarning ulgurji qiymati 2,5 milliard rubldan oshadi, chakana savdoda kamida olti milliard rublni tashkil etadi", - deyiladi xabarda.
Rejani amalga oshirish uchun kartel Moskva viloyatidagi ijaraga olingan ombordan foydalangan. U yerda ular tovarlarni chegaradan olib o‘tish uchun qayta qadoqlashgan.
Qo‘lga olingan uch fuqaroga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov izolyatoriga jo‘natildi. Chet elliklar 20-yilgacha ozodlikdan mahrum etilishi mumkin.
FXX ma’lumotlariga ko‘ra, so‘nggi to‘rt yil ichida bu Rossiya orqali Yevropa Ittifoqiga kokain va geroin yetkazib berish bo‘yicha aniqlangan kanallardan biri xolos.
Alohida ta’kidlash lozimki, Rossiya qator G‘arb davlatlarining narkotik moddalarni nazorat qilish xalqaro tizimini erkinlashtirishga va nazoratni beqarorlashtirishga urinishlari fonida narkotik moddalarning noqonuniy aylanishiga qarshi keskin kurash olib bormoqda, - deyiladi FXX xabarida.
Rossiya Xavfsizlik Kengashi kotibi Nikolay Patrushev Rossiyada har qanday giyohvand moddalarni qonuniylashtirishga yo‘l qo‘yib bo‘lmasligini bir necha bor ta’kidlagan edi.