Fransiyada namoyish etilgan Katta Langar Qur’oni sahifalari Toshkentga qayta olib kelindi

Bojxona hujjatlari rasmiylashtirilgach, sahifalar joylashtirilgan quti ichki ishlar xodimlari hamrohligi va kuzatuvida Diniy idora kutubxonasiga yetkazildi.
Sputnik
TOShKENT, 11 apr — Sputnik. Katta Langar Qur’oni sahifalari Parijdan Toshkentga yetib keldi. Bu haqda Musulmonlar idorasi xabar berdi.
Katta Langar Qur’onining ikki sahifasi Fransiyaning Luvr muzeyida “O‘zbekiston vohalari xazinalari. Karvon yo‘llari chorrahasida” nomli ko‘rgazma namoyishiga qo‘yilgan edi.
Ko‘rgazma yakunlangach Katta Langar Qur’oni sahifalari maxsus jihozlangan shisha qutidan O‘zbekiston musulmonlari idorasi va Luvr muzeyi mutaxassislari ishtirokida ehtiyotkorlik bilan olinib, sahifalarning saqlanishi va umumiy holati o‘rganib chiqildi.
Ushbu jarayonda O‘zbekiston musulmonlari idorasi Kutubxonasi tasarrufidagi raqamli maxsus elektron mikroskop orqali sahifa aslligi ham tekshirildi.
“Katta Langar Qur’oni” sahifalari

“Bojxona hujjatlari rasmiylashtirilgach, sahifalar joylashtirilgan quti ichki ishlar xodimlari hamrohligi va kuzatuvida Diniy idora kutubxonasiga yetkazildi”, - deyiladi xabarda.

Sahifalarni qabul qilish jarayonida ularning asl nusxaligi va yaxshi saqlangan holatda yetib kelgani ma’lum bo‘ldi va doimiy saqlov xonasiga joylashtirildi.
“Katta Langar Qur’oni” sahifalari
Katta Langar Qur’onining ikki sahifasi O‘zbekiston musulmonlari idorasi Kutubxonasi fondida saqlanadi.
“Katta Langar Qur’oni” sahifalari