Yekaterinburgdagi “Moda haftaligi”da o‘zbek matolaridan tikilgan liboslar namoyish etildi

Yekaterinburgda “Moda haftaligi” loyihasining 18-mavsumi bo‘lib o‘tdi.
Sputnik
TOShKENT, 11 apr — Sputnik. Yekaterinburgda o‘tkazilgan “Moda haftaligi”da o‘zbek milliy matolaridan tikilgan liboslar namoyish etildi. Bu haqda “Dunyo” AA xabar berdi.
Yekaterinburgda “Moda haftaligi” loyihasining 18-mavsumi bo‘lib o‘tdi.
Unda O‘zbekiston Bosh konsulxonasi ko‘magida Razan shahridagi “Almaz” o‘zbek milliy-madaniy markazi rahbari Zulayho Qodirova boshchiligida asli o‘zbekistonlik dizaynerlarning ishtiroki tashkil etildi. Haftalik doirasida milliy o‘zbek adrasi, shoyi va xonatlasdan tikilgan bejirim kiyimlar namoyish etildi.
Ta’kidlanishicha, o‘zbek diasporasi vakillari tomonidan tikilgan kiyimlar o‘zining bichimi, mavsumiyligi, tanlangan matolarning yuqori sifati bilan alohida ajralib turdi hamda haftalik ishtirokchilari va mehmonlarining olqishiga sazovor bo‘ldi.
O‘zbekiston dilomatlarining “Moda haftaligi” tashkilotchilari bilan o‘tkazgan muzokaralari natijasida O‘zbekiston dizaynerlarining ushbu tadbirning navbatdagi mavsumida ishtirokini tashkil etish bo‘yicha kelishuvga erishildi.