TOShKENT, 11 apr — Sputnik. Bugundan “Toza havo” oyligi tadbiri boshlandi. Oylik davomida avtotransport vositalarining atmosfera havosiga tashlanayotgan zararli gazlar miqdori maxsus asbob-uskunalar orqali ko‘rikdan o‘tkaziladi. Bu haqda Tabiat resurslari vazirligi xabar berdi.
“Toza havo” oyligi tadbirini o‘tkazishdan maqsad mamlakatda avtotransportlar tashlamalarini kamaytirishdan iborat.
Qayd etilishicha, hozirda mamlakatda 4 mln ga yaqin avtotransport vositalari mavjud bo‘lib, shundan 100 mingtasi nosoz hisoblanadi. Ulardan atmosferaga bir yilda o‘rtacha 1,3 mln tonna zararli tashlamalar tashlanadi. Bu umumiy tashlamalarning 63,0 foizini tashkil etadi.
Ushbu ko‘rsatkich Toshkent shahrida 88 foizga teng.
Transport vositalari sonining kundan-kunga ortishi natijasida tashlamalar miqdori oldingi yilga nisbatan o‘tgan yilda 26,0 ming tonnaga ko‘paygan.
“Tadbir davomida respublikaning barcha hududlaridagi yo‘l-patrul maskanlarida, viloyat, tuman (shahar)larning markaziy ko‘chalarida benzin, dizel, tabiiy siqilgan va suyultirilgan gazda harakatlanadigan avtotransport vositalarining atmosfera havosiga tashlanayotgan zararli gazlar miqdori maxsus asbob-uskunalar orqali ko‘rikdan o‘tkaziladi”, - deyiladi xabarda.
Tadbir doirasida 79 ta yo‘l-patrul maskanlarida ko‘rik nuqtalari, shuningdek, viloyat va shaharlar markaziy ko‘chalarida ko‘chma postlar tashkil etilib, ularga 500 nafar xodim jalb etiladi.
Tadbir 10-maygacha davom etadi.
Ma’lumot uchun, o‘tgan yil yakuniga ko‘ra, havo ifloslanishi bo‘yicha xalqaro havo indeksi reytingida Toshkent 20 o‘rinni egallagan.