TOShKENT, 10 apr — Sputnik. Rossiya tashqi agressiya bo‘lgan taqdirda Belarusni o‘z hududidek himoya qilishni kafolat berishi kerak. Bu haqda Belarus rahbari Aleksandr Lukashenko Rossiya mudofaa vaziri Sergey Shoygu bilan uchrashuvda ma’lum qildi.
“Umuman olganda bu muzokaralarda (Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan – tahr.) shunday yangradiki, Belarusga nisbatan agressiya bo‘lgan taqdirda Rossiya Federatsiyasi Belarusni o‘z hududidek himoya qiladi. Bizga mana shunday xavfsizlik kafolatlari kerak. Bizga qardosh Rossiyadan to‘liq xavfsizlik kafolatlari lozim”, - dedi Lukashenko.
Belarus rahbarining so‘zlariga ko‘ra, Putin muzokaralarda shu nuqtayi nazardan “Belarus va Rossiyaning barcha shartnoma va bitimlarini tekshirish, Belarusning to‘liq xavfsizligini ta’minlash maqsadida davlatlararo xususiyatga ega qanday normativ huquqiy hujjatni qabul qilish kerakligini ko‘rib chiqish zarurligini” ta’kidlagan.
Lukashenkoning qayd etishicha, G‘arb mamlakatlari Budapesht memorandumi doirasida yadro qurolini chiqarish evaziga berilgan xavfsizlik kafolatlari to‘g‘risidagi kelishuvlarini bajarishmayapti.
“Agar ular bizga, Rossiyaga qarshi sanksiya kiritayotishgan bo‘lsa, qanday iqtisodiy xavfsizlik bo‘lishi mumkin! Shu bois men bu masalani Rossiya prezidenti bilan muzokaralarda ko‘tardim. U meni barcha yo‘nalishlarda mutlaqo qo‘llab-quvvatladi”, - dedi Belarus yetakchisi.