Rossiyada noyob tish ipi ishlab chiqildi

Ta’kidlanishicha, ip tarkibida davolash-profilaktik moddalar yoki dori-darmonlarga ega bo‘lgan kapsula-rezervuarlar mavjud.
Sputnik
TOShKENT, 6 apr — Sputnik. Sechenov universiteti mutaxassislari virusli, bakterial va zamburug‘li milk kasalliklarini davolashda yordam beradigan tish ipini ishlab chiqdi va patentladi. Bu haqda RIA Novosti universitet matbuot xizmatiga tayanib xabar berdi.

“Innovatsion ip odamlarga og‘iz bo‘shlig‘i gigiyenasiga rioya qilish, zarur hollarda esa sayohat, xizmat safari, uzoq reyslar, ekspeditsiyalar, gastrollar va malakali stomatologiya xizmati mavjud bo‘lmagan joylarda davolanishni amalga oshirish imkonini beradi”, — deyiladi xabarda.

Ta’kidlanishicha, ip tarkibida davolash-profilaktik moddalar yoki dori-darmonlarga ega bo‘lgan kapsula-rezervuarlar mavjud bo‘lib, ular ishlatilganda parchalanadi va tarkibi milkka tushadi.
Texnologiya shuningdek, ushbu kapsulalar ichiga moslashtirilgan dori-darmonlarni joylashtirish imkonini beradi.
Qayd etilishicha, ixtiro gigiyenani soddalashtiradi va vaqtni tejaydi, chunki kerakli dori-darmonlarni qidirish uchun kuch sarflashning hojati yo‘q. Bundan tashqari, u kam joy egallaydi va har qanday muhitda ishlatilishi mumkin.