Qo‘qonda talaba qizlar yotoqxonasiga kamera o‘rnatgan mas’ullar lavozimidan ozod etildi

Voqea ishtirokchisi bo‘lgan qizlarning tazyiqsiz ta’lim olishlari kafolatlanadi, deyiladi vazirlik xabarida.
Sputnik
TOShKENT, 6 apr — Sputnik. Prezident administratsiyasi ijro etuvchi apparatining Kommunikatsiyalar va axborot siyosati bo‘yicha sho‘’ba mudiri Saida Mirziyoyeva oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri Ibrohim Abdurahmonov bilan ta’lim sohasidagi masalalarni muhokama qildi. Bu haqda Saida Mirziyoyevaning Telegram kanalida xabar berildi.
Ta’kidlanishicha, Qo‘qon pedagogika institutida sodir bo‘lgan voqea hamda talaba qizlarning huquqlarini himoya qilish, ularga nisbatan zo‘ravonliklarning oldini olish choralari ham muhokama qilingan.
Saida Mirziyoyeva Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri bilan ta’lim sohasidagi masalalarni muhokama qildi
“Ta’lim tizimi har qanday zo‘ravonlikka qarshi kurashni boshlashimiz kerak bo‘lgan asosiy platformalardan biridir”, - deb yozadi Mirziyoyeva.
Qo‘qon davlat pedagogika instituti talaba qizlari shikoyatiga ko‘ra, yuqoridagi holat Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi tomonidan nazoratga olingan.
Vazirlik inson shaxsiy hayotiga o‘zboshimchalik bilan aralashish, shaxsiy ma’lumotlarni ochiqlashga urinish kabi xatti-harakatlarni qattiq qoralaydi, ushbu holatni talaba-qizlarning sha’ni va qadr-qimmatini kamsitish deb baholaydi.
Shu bois, bevosita jarayonda ishtirok etib, xizmat vazifasini suiiste’mol qilgan 4 nafar mas’ul xodim, jumladan, voqeada bevosita ishtirok etgan prorektor egallab turgan lavozimidan ozod etilgan va bir nafar mutaxassisga intizomiy jazo chorasi qo‘llanilgan.

“Voqea ishtirokchisi bo‘lgan qizlarning tazyiqsiz ta’lim olishlari kafolatlanadi”, - deyiladi vazirlik xabarida.

Ta’kidlanishicha, huquq-tartibot organlari tekshiruv ishlarini davom ettirmoqda.
Avvalroq Qo‘qon pedagogika instituti qizlar yashaydigan talabalar turar joyi xonalaridan biriga kuzatuv kamerasi o‘rnatilgani aniqlangandi.