TOShKENT, 6 apr — Sputnik. Har bir shahar va tumanda havo tozaligini kuzatib boruvchi avtomatik stansiyalar o‘rnatiladi. Bu haqida Shavkat Mirziyoyev huzurida 6-aprel kuni bo‘lib o‘tgan tabiatni muhofaza qilishga bag‘ishlangan majlisda ma’lum bo‘ldi.
Shuningdek, tuman rahbarlari faoliyatining ekologiya sohasidagi samaradorligi ushbu kuzatishlar natijasiga qarab belgilanadi.
"Har bir tuman va shaharlarda atmosfera havosi ifloslanishini monitoring qilish uchun avtomatlashgan kichik stansiyalar o‘rnatiladi. Shunga asosan, hududlarning havo tozaligi reytingi shakllantirilib, mansabdor shaxslar ishiga baho berib boriladi", - deyiladi xabarda.
Ob-havoni kuzatish sohasida avtomatlashgan meteorologik stansiyalarni ko‘paytirish, gidrologik o‘lchov uskunalarini avtomatlashtirish, agrometeorologik xizmat bo‘yicha mobil ilovani ishga tushirish choralari belgilandi.
Shavkat Mirziyoyev provel sobranie posvashennoe voprosam ekologii
© Press-slujba prezidenta Uzbekistana
Majlisda qayd etilishiga ko‘ra, kelgusi yillarda O‘zbekistonda zamonaviy texnologiyalar yordamida chiqindilarni qayta ishlash yo‘lga qo‘yiladi. Xususan, Ohangarondagi poligonda chiqindidan 15 Megavatt elektr energiyasi olish loyihasi boshlangan. Prezident ushbu loyihani boshqa poligonlarda ham yo‘lga qo‘yish zarurligini ta’kidladi.
Shuningdek, O‘zbekiston hududidagi o‘rmon xo‘jaligida daraxt bilan qoplangan hududlar atigi 8 foiz ekanini hisobga olgan holda, cho‘llarda 221 ming gektar, tog‘ hududida 15 ming gektar o‘rmonlar barpo qilishga imkoniyat borligi qayd etildi. “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida o‘rmonchilik sohasini rivojlantirishga ko‘rsatma berildi.
Undan tashqari, tabiat maskanlariga sayyohlarni jalb qilish, yovvoyi hayvonlarni ko‘paytirish uchun pitomniklar tashkil etish vazifasi qo‘yildi. Buning evaziga ekoturizmni, ov xo‘jaliklarida ovchilik turizmini rivojlantirish mumkinligi aytib o‘tildi.
Majlisda Shavkat Mirziyoyev suv, havo, yer va yerosti boyliklarini muhofaza qilish masalasiga alohida e’tibor qaratdi. Xususan, suv tozalash inshooti standartga javob bermaydigan korxonalarda oqova uchun kompensatsiya to‘lovini oshirish taklifi bildirildi. O‘zbekistonda bunday korxonalar soni 500 ziyod ekani aytib o‘tildi.