TOShKENT, 4 apr — Sputnik. Prezident Shavkat Mirziyoyev Yangi Toshkent shahri loyihasi konsepsiyasi va poytaxtdagi bunyodkorlik ishlariga oid taqdimot bilan tanishdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar qildi.
Davlat rahbari 18-mart kuni Yangi Toshkent shahri loyihasiga tamal toshi qo‘ygan edi. Bugungi taqdimotda uning birinchi bosqichi doirasidagi masalalar ko‘rib chiqildi.
© Press-slujba prezidenta Uzbekistana
Ma’lum qilinishicha, bu bosqichda 60 ming aholiga mo‘ljallangan ko‘p qavatli uylar, davlat idoralari uchun ma’muriy binolar, bog‘lar, ijtimoiy va iqtisodiy obyektlar barpo etilishi rejalashtirilgan. Bularni loyihalashtirish va barcha ishlarni muvofiqlashtirish uchun direksiya tuzildi. Xorijiy megapolislardagi urbanizatsiya va qurilish tajribasi o‘rganildi.
Shunga muvofiq, Yangi Toshkentni administratsiya, iqtisodiyot, ta’lim, sog‘liqni saqlash va madaniyat kabi 5 ta negiz asosida qurish mo‘ljallanmoqda. Bularning har biri tizimdagi bo‘g‘inlar va quyi tashkilotlarni o‘z ichiga oladi.
Taqdimotda bunyodkorlik jarayonining “yo‘l xaritasi” bo‘yicha ham axborot berildi. Loyihalarni amalga oshirishda zamonaviy urbanizatsiya yondashuvlari, “aqlli” texnologiyalar qo‘llaniladi. Masalan, “uch-generatsiya” stansiyasi qurilib, ham elektr ishlab chiqariladi, ham binolar qishda isitilib, yozda sovutiladi. Barcha elektr, aloqa tarmoqlari, gaz va suv quvurlari yer tagidan o‘tkaziladi.
Shaharda infratuzilma, turmush va ekologiya mutanosib bo‘ladi. “Toshkentning yashil belbog‘i” loyihasi shu yerdan boshlanadi. Piyodalar va velosipedchilarning erkin harakatlanishi uchun qulay sharoit yaratiladi. Shu maqsadda avtomobillar uchun yer osti turargohlari, 14 ta zamonaviy tunel, Chirchiq va Qorasuv darolari ustida 7 ta ko‘prik bunyod etiladi.
Mirziyoyev bo‘lajak shaharda “inson qadri” tamoyilini qaror toptirish, turli yoshdagi odamlarning ehtiyojlarini inobatga olib, barcha qulayliklarni yaratish zarurligini ta’kidladi. Inshootlarni ekspluatatsiya va transportlar uchun qulay joylashtirish, yashil hududlar ko‘p bo‘lishiga alohida e’tibor qaratish zarurligini ta’kidladi.
Taqdimotdagi yana bir loyiha Toshkent yer usti metrosining ostida savdo va xizmat shoxobchalarini joylashtirish haqida bo‘ldi. Jumladan, mazkur transport inshootining Yashnobod tumanidagi qismida 4 kilometr bo‘sh joy bor. U yerda yashil hududlar, avtoturargoh, vorkaut madonchalari, savdo va xizmat ko‘rsatish shoxobchalari tashkil etish mumkin. Bu borada Berlin shahri tajribasi o‘rganilgan.
Ushbu hududlarni lotlarga ajratgan holda ijaraga berish, xavfsizlikni ta’minlab, aholi uchun qo‘shimcha qulayliklar yaratish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.