TOShKENT, 4 apr — Sputnik. O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Birlashgan Arab Amirliklari (BAA) Hukumat ishlari bo‘yicha vaziri Muhammad bin Abdulloh al-Gargaviy boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi. Bu haqda davlat rahbari matbuot xizmati xabar berdi.
Ta’kidlanishicha, uchrashuvda yuqori texnologiyalar, sun’iy intellekt, raqamlashtirish, shahar infratuzilmasini modernizatsiya qilish borasidagi aniq loyiha va dasturlarni amalga oshirish istiqbollari, hududlarning savdo-investitsiyaviy salohiyatini ro‘yobga chiqarish va boshqa masalalar ko‘rib chiqildi.
O‘zbekiston rahbari ushbu yo‘nalishlar bo‘lajak oliy darajadagi ikki tomonlama sammit kun tartibining asosini tashkil etishi lozimligini qayd etdi.
Bundan tashqari, amalga oshirilayotgan islohotlar samaradorligini oshirish, boshqaruvda professional kadrlarni va dasturchilarni tayyorlash, elektron hukumatni joriy qilish yo‘nalishlarida va boshqa sohalarda o‘zaro foydali hamkorlikni yanada kengaytirishdan manfaatdorlik bildirildi.
Uchrashuv so‘ngida Mirziyoyev joriy dasturlarni jadallashtirish va istiqbolli loyihalarni tayyorlashni nazarda tutuvchi “yo‘l xaritasi”ni yangilash yuzasidan topshiriqlar berdi.
Yakunda vazir al-Gargaviyga O‘zbekiston va BAA o‘rtasidagi ko‘p qirrali munosabatlarni kengaytirishga qo‘shgan katta hissasi va Yangi O‘zbekistondagi islohotlar dasturini har tomonlama qo‘llab-quvvatlagani uchun davlatning yuksak mukofoti – “Do‘stlik” ordeni topshirildi.