So‘nggi 5-yilda milliy emlash kalendariga 4 turdagi yangi vaksina kiritildi – SSV

Shuningdek, 2022-yilda bolalarni yuqumli kasalliklarga qarshi emlash qamrovi 98 foizga yetgan.
Sputnik
TOShKENT, 2 apr — Sputnik. O‘zbekistonda so‘nggi 5-yilda milliy emlash kalendariga 4 turdagi yangi vaksina kiritildi. Bu haqda Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi boshlig‘i o‘rinbosari Nurmat Atabekov ma’lum qildi.
“COVID-19 pandemiyasida barcha sohalar qatori tibbiyot tizimi ham jiddiy sinovdan o‘tdi. Biroq yurtimizda o‘z vaqtida ko‘rilgan chora-tadbirlar tufayli ushbu og‘ir davrni jiddiy yo‘qotishlarsiz o‘tkazdik”, - deydi u.
Ta’kidlanishicha, koronavirusga qarshi emlash rejalashtirilgan aholining 83,3 foizi to‘liq vaksinatsiya bilan qamrab olindi. Buster doza bilan emlash qamrovi 81,4 foizga yetkazildi. Gripp kasalligiga qarshi esa 2,3 mln. nafar aholi emlandi.
Shuningdek, 2022-yilda bolalarni yuqumli kasalliklarga qarshi emlash qamrovi 98 foizga yetgan. Bundan tashqari, so‘nggi 5-yil davomida emlash kalendariga 4 turdagi yangi vaksinalar kiritilgan.
Natijada qizamiq, qizilcha va bezgak kasalligi tugatilganligi to‘g‘risida Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti sertifikatlari olindi. Eng quvonarlisi, o‘lat, vabo, shol, difteriya, qoqshol kasalliklari umuman qayd etilmadi.
Qayd etilishicha, sohadagi bunday o‘zgarishlar O‘zbekistonda epidemiologik vaziyat barqarorligini ta’minlash va aholi orasida xavfli infeksiyalar tarqalishining oldini olishga xizmat qilmoqda.