“Buvi va nabira”
O‘zbekiston xalq rassomi Abdulhaq Abdullayev tomonidan 1960-yilda yaratilgan portret. Hozirda kartina O‘zbekiston Davlat san’at muzeyida saqlanadi.
Kartinada an’anaviy o‘zbek hovlisidagi supada o‘tirgan juftlik – buvi va nabira tasvirlangan.
“Imom Buxoriyning hayot yo‘llari va merosi”
O‘zbekiston san’at arbobi Alisher Aliqulov tomonidan 2022-yilda yaratilgan mahobatli rangtasvir. Imom Buxoriy nomidagi Xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi muzeyining devorlariga ishlangan.
Devoriy surat turkumi yetuk mutafakkir Imom Buxoriyning ilmiy merosiga bag‘ishlangan.
“Dugonalar”
O‘zbekiston san’at arbobi Pavel Benkov tomonidan 1940-yilda moybo‘yoqda yaratilgan ko‘pfigurali kartina. Hozirda O‘zbekiston Davlat san’at muzeyida saqlanadi.
Kartinada rus va o‘zbek qizining do‘stligi tarannum etilgan bo‘lib, qizlar guruhi va uzumzorning uzoqlashib borayotgan perspektivasining uyg‘unligi tasvirlangan.
“Ona o‘ylari”
O‘zbekiston xalq rassomi Rahim Ahmedov tomonidan 1956-yilda yaratilgan portret. Hozirda O‘zbekiston Davlat san’at muzeyining durdona asarlari qatoridan o‘rin olgan.
Kartinada o‘tmishi sinovlarga to‘la, biroq hozirda armon og‘ushiga cho‘mgan, kundalik yumushlari bilan o‘zini yupatib yashayotgan mungli ona tasviri gavdalangan.
“O‘zbek bayrami”
O‘zbekiston xalq rassomi Aleksandr Volkov tomonidan 1926-1927 yillarda yaratilgan rangtasvir. O‘zbekiston Davlat san’at muzeyida saqlanadi.
“O‘zbek bayrami” asari tun qorong‘uligida ravoqlardan iborat tim ostida o‘tkazilayotgan bayramga bag‘ishlangan.
“Ma’buda ona”
O‘zbekiston xalq rassomi Akmal Nur tomonidan 2018-yilda yaratilgan rangtasvir. Kartina rassomning shaxsiy arxivida saqlanadi.
Mazkur asarda qanotlari ostida farzandlarini o‘rab olgan Ona obrazi tasvirlangan.
“Oshiq anor”
Mahoratli rassom Muxtorxon Isanov tomonidan 1999-yilda yaratilgan rangtasvir. Uning original varianti rassomning shaxsiy kolleksiyasida saqlanadi.
Kartinada bir-biriga ko‘ngil qo‘ygan yigit va qizning ehtiroslarga boy lahzasi tasvirlangan.
“Uyg‘onish. Kulol Muhiddin Rahimov portreti”
O‘zbekiston xalq rassomi Bahodir Jalol tomonidan 1980-yilda yaratilgan portret. Hozirda O‘zbekiston Davlat san’at muzeyida saqlanadi.
Kartina o‘zbek professional kulolchilik maktabining asoschisi Muhiddin Rahimov ijodiga bag‘ishlangan.
“Amir Temur portreti”
O‘zbekiston xalq rassomi Malik Nabiyev tomonidan 1994-yilda yaratilgan portret. Hozirda Temuriylar tarixi davlat muzeyida saqlanadi.
Kartinada buyuk Amir Temur Sohibqiron sarkarda qiyofasida gavdalantirilgan.