TOShKENT, 30 mar — Sputnik. Surxondaryo viloyatining Termiz tumanida ilk bor “etnik shaharcha” quriladi. Bu haqda viloyat hokimligi xabar berdi.
Qayd etilishicha, viloyatda xorijiy va mahalliy turistlar oqimini oshirish maqsadida Termiz, Boysun va Jarqo‘rg‘on tumanlarida yangi loyihalar amalga oshiriladi.
Unga ko‘ra, hududda ekoturizm rivojlantiriladi va zamonaviy “safari” usulida suv bo‘yida turistik maskanlar tashkil etiladi. Buning uchun mahalliy investorlar jalb qilinadi.
Termiz tumanida Vodiy – Termiz, Termiz – Nukus yo‘nalishlari bo‘yicha muntazam aviareyslar yo‘lga qo‘yiladi, chipta xarajatlarining 25 foiziga subsidiya ajratiladi.
Boysun tumanida etnik-folklor yo‘nalishida turizm rivojlantiriladi. Buning uchun hozirdan 2024-yilda o‘tkaziladigan “Boysun bahori” xalqaro festivali uchun joylar tanlanib, qurilish-ta’mirlash ishlari boshlangan.
Festivalda turli sport musobaqalari, baxshi-oqinlar tanlovi, ot ustida kurash, chillak, arqon tortish, milliy kurash singari o‘nga yaqin milliy xalq o‘yinlari o‘tkaziladi, milliy qo‘shiq va raqslar taqdim etiladi.
Ma’lumot uchun, Surxondaryoning Boysun tumanida o‘tkaziladigan “Boysun bahori” xalqaro festivaliga 2002-yilda asos solingan. 2022-yildan buyon UNESCO shafeligi ostida har 2-yilda bir marta o‘tkazilishi belgilangan.