TOShKENT, 30 mar — Sputnik. Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi (MDH) kuzatuvchilari missiyasi 12-aprel kuni Toshkentda o‘z ishini boshlaydi. Bu haqda MDH bosh kotibi Sergey Lebedev Sputnik muxbiriga bergan intervyusida ma’lum qildi.
“Biz O‘zbekiston tomoni bilan O‘zbekistonda missiyani ochish va missiya shtab-kvartirasi ishini 12-aprel kuni boshlashga kelishib oldik”, — dedi u.
Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, missiya tarkibiga 50 ga yaqin kuzatuvchi kiradi, ularning ko‘pchiligi allaqachon O‘zbekistonga borishga rozi bo‘lgan, dedi MDH bosh kotibi.
“Biz missiya kichik, taxminan 50 kishi bo‘lishiga ishonamiz. Har doimgidek, missiya tarkibi yuqori darajada bo‘ladi, bular parlament a’zolari, MDH davlatlarining ko‘plab parlament a’zolari allaqachon O‘zbekistonga borishga rozilik bergan. Bular markaziy saylov komissiyalari a’zolari va raislari, diplomatlar va Ijroiya qo‘mitasi xodimlari bo‘ladi, ular Hamdo‘stlikdagi referendumlar jarayonini kuzatishda katta tajribaga ega”, - dedi Sergey Lebedev.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Konstitutsiyasiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish bo‘yicha referendum 30-aprel kuni bo‘lib o‘tadi.