TOShKENT, 30 mar — Sputnik. Bu yil aprel oyida o‘rtacha havo harorati meyor atrofida, ba’zi joylarda o‘rtacha yillik qiymatlardan biroz ko‘p bo‘ladi, deb xabar bermoqda O‘zgidromet.
Prognozlarga ko‘ra, aprel oyida yog‘ingarchilik kam, ba’zi joylarda meyor atrofida bo‘lishi kutilmoqda.
Oy quruq va iliq ob-havo bilan boshlanadi. 1-aprel kuni O‘zbekistonning barcha hududlari bo‘yicha havo kam bulutli bo‘ladi, kunduzgi harorat mart oyining oxirgi kunlari kabi +22...+27 daraja atrofida, ya’ni meyordan +5...+8 darajaga yuqori bo‘ladi.
2-7 aprel kunlari respublika bo‘yicha beqaror ob-havo bo‘lishi kutilmoqda. Ba’zi joylarda shamol shiddatli kuchayishi bilan qisqa muddatli, momaqaldiroqli yomg‘ir yog‘adi. Yomg‘irning jadalligi o‘rtachagacha bo‘ladi. Kunduzgi havo harorati yomg‘ir paytida +5...+7 darajaga pasayadi.
Aprel oyining birinchi o‘n kunligi oxirida asosan yog‘ingarchiliksiz ob-havo bo‘lishi kutilmoqda va havo harorati yana ko‘tarila boshlaydi.
O‘zgidrometning dastlabki prognoziga ko‘ra, aprel oyining ikkinchi va uchinchi o‘n yilliklarida harorat kechalari +7...+12 darajadan +12...+17 darajagacha, kunduz kunlari +20...+25 darajadan +27...+32 darajagacha o‘zgarib turishi kutilmoqda.
Aprel oyida kuchli jala yomg‘ir, momaqaldiroq va do‘l yog‘ishi istisno qilinmagan. Kuchli jala yomg‘irlar tog‘oldi hududlarda halokatli sel-suv toshqinlariga olib kelishi mumkin. Baland tog‘larda hali ham qor ko‘chkisi xavfi saqlanib turadi.