Moskvada 30-aprel referendumiga bag‘ishlangan brifing bo‘lib o‘tdi

Moskvadagi O‘zbekiston elchixonasida 30-aprel kuni bo‘lib o‘tishi rejalashtirilgan umumxalq referendumi haqida batafsil ma’lumot berildi.
Sputnik
TOShKENT, 29 mar — Sputnik. Moskvadagi O‘zbekiston elchixonasida yangi Konstiutsiyani qabul qilish bo‘yicha bo‘lib o‘tadigan referendumga bag‘ishlangan brifing bo‘lib o‘tmoqda.
Unda to‘plangan matbuot vakillariga O‘zbekistonda 30-aprel kuni bo‘lib o‘tishi rejalashtirilgan umumxalq referendumi haqida batafsil ma’lumot berilmoqda.
Ushbu referendumda O‘zbekistonning xorijiy davlatlarda yashayotgan fuqarolari ham ovoz berish imkoniga ega. Buning uchun chet el davlatlaridagi O‘zbekiston diplomatik vakolatxonalarida 55 ta ovoz berish punktlari ochiladi, jumladan, Rossiya Federatsiyasi hududida 7 ta ovoz berish punkti tashkil etiladi.
Konstitutsiya islohoti

O‘zbekistonda 2023-yilda konstitutsiyaviy islohot o‘tkazish rejalashtirilgan. Ushbu maqsadda 2022-yilda Meningkonstitutsiyam.uz va boshqa platformalar yordamida aholidan 220 mingdan ortiq Bosh qonunni takomillashtirishga qaratilgan fikr va mulohazalar jamlangan edi.

Keyinchalik ular xalqaro va mahalliy ekspertlar yordamida umumlashtirilib, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy qonuni loyihasi ishlab chiqildi.

Yangi Qonun loyihasi bir necha oy davomida muhokama qilinganidan so‘ng joriy yilning mart oyida Oliy Majlis qonunchilik palatasi tomonidan qabul qilindi va umumxalq referendumini o‘tkazish 2023-yil 30-aprel kuniga belgilandi.