Qozog‘iston O‘zbekiston bilan chegara demarkatsiyasiga oid bitimni ratifikatsiya qildi

Demarkatsiya ishlari natijasida Qozog‘iston va O‘zbekiston o‘rtasida 2 356 km chegara o‘rnatildi.
Sputnik
TOShKENT, 28 mar — Sputnik. Qozog‘iston prezidenti Qasim-Jomart Toqayev 28-mart kuni “Qozog‘iston va O‘zbekiston o‘rtasida qozoq-o‘zbek davlat chegarasini demarkatsiya qilish to‘g‘risidagi shartnomani ratifikatsiya qilish to‘g‘risida”gi qonunni imzoladi. Bu haqda Oqo‘rda matbuot xizmati xabar berdi.
Toqayevning 2022-yil dekabr oyida O‘zbekistonga amalga oshirilgan davlat tashrifi davomida ikki davlat chegarasini demarkatsiya qilish to‘g‘risida shartnoma imzolangan edi. O‘tgan yil noyabrida Qozog‘iston va O‘zbekiston demarkatsiya komissiyasining qo‘shma ishi bo‘yicha yakuniy bayonnoma imzolangandi.
2003 yilda boshlangan demarkatsiya bo‘yicha muzokaralar qariyb 19-yil davom etgan. Bu vaqt mobaynida demarkatsiya komissiyasining 100 ta yig‘ilishi va demarkatsiya bo‘yicha ishchi guruhining 34 ta yig‘ilishi o‘tkazildi. Chegara belgilarini o‘rnatish bo‘yicha dala ishlari 2004-2021 yillarda davom ettirildi.
Demarkatsiya ishlari natijasida Qozog‘iston va O‘zbekiston o‘rtasida 2 356 km chegara o‘rnatilib, unga 1 301 ta chegara belgilari qo‘yildi.