TOShKENT, 24 mar — Sputnik. O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo hay’atining 2023-yilgi ((hijriy 1444) zakot nisobi, fitr sadaqa va fidya miqdori bo‘yicha qarori qabul qilindi.
Zakot, fitr sadaqasi, fidya
© O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi
"Zakotning tillodan nisobi 85 gramm bo‘lib, bugungi kunda 585 probali 1 gramm tilloning o‘rtacha narxi 420 000 (to‘rt yuz yigirma ming) so‘m ekani e’tiboridan, bu yilgi zakot nisobi 35 700 000 (o‘ttiz besh million yetti yuz ming) so‘m deb belgilandi", - deyilgan xabarda.
Shunga ko‘ra, zaruriy ehtiyojidan tashqari bir yil davomida 35,7 mln so‘m va undan ortiq pul mablag‘i yoki ushbu qiymatdagi savdo-tijorat moliga ega bo‘lgan musulmon kishi, jami mablag‘ining qirqdan biri (2,5%)ni ajratib, uni zakot niyatida kambag‘al va faqirlarga beradi.
Shuningdek, fitr sadaqasi miqdori
bug‘doydan 2 kg — 12 000 (o‘n ikk ming) so‘m;
arpadan 4 kg — 20 000 (20 ming) so‘m;
mayizdan 2 kg — 100 000 (yuz ming) so‘m;
xurmodan 4 kg — 180 000 (bir yuz saksan ming) so‘m deb belgilandi.
Fidya miqdori fitr sadaqaning miqdori bilan bir xil bo‘ladi.
Shunday ekan, har kim o‘z imkoniyatiga qarab ushbu to‘rt mahsulotning xohlagan bir turidan fitr sadaqasini va fidya miqdorini bersa kifoya qiladi.
O‘zbekiston Musulmonlari idorasining ma’lum qilishicha, mazkur qiymatlar Toshkent shahar bozorlaridagi narxga asosan belgilandi. Har bir viloyat o‘z bozorlaridagi narxga qarab fitr sadaqasini belgilaydi.
Ramazon 2023
2023 yilda O‘zbekistonda muborak Ramazon oyining boshlanishi 23-mart kuniga to‘g‘ri keldi. Bu haqida O‘MI Ulamolar kengashi astronomik ma’lumotlarga tayangan holda 21-mart kuni e’lon qilgan edi. Shuningdek, 17-apreldan 18-aprelga o‘tar kechasi esa Laylatul qadr kechasi bo‘lishi va 21-aprel - Ramazon hayiti kuni deb e’lon qilingan.
O‘zbekiston shaharlari uchun saharlik va iftorlik vaqtlari aks etgan 2023 yil Ramazon taqvimi bilan quyida tanishing.