TOShKENT, 24 mar — Sputnik. Qoraqalpog‘istonning Amudaryo tumanida 23-mart kuni yangi qurilayotgan temir yo‘l ko‘prigining bir qismi qulab tushdi. Tuman hokimligi holat yuzasidan munosabat bildirdi.
Xabarda yozilishicha, prezident Shavkat Mirziyoyevning Xorazm viloyatiga tashrifi davomida Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyatini bog‘lovchi Amudaryo ustiga avtomobil va temir yo‘l qo‘shma ko‘prigini qurish ishlari boshlangan.
Yangi ko‘prik qurilishi loyihasiga buyurtmachi etib “O‘zbekiston temir yo‘llari” kompaniyasi, bosh loyihachi etib “Boshtransloyiha” AJ, bosh pudratchi etib “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJning tarkibiy bo‘linmalari belgilangan.
Amudaryo tumani hududidan Xorazm viloyati hududiga temiryo‘l transporti tarmog‘ini yo‘lga qo‘yish maqsadida, Amudaryo tumani hududining shimoliy qismidan o‘tuvchi A-380 G‘uzor—Buxoro—Nukus—Beyneu avtomobil yo‘lining 717—718-kilometr oralig‘idan osma ko‘prik o‘tkazilgan.
Bu ko‘prikka 14-sonli ko‘prik qurilish otradi vaqtinchalik tayanch balkalarni o‘rnatgan. Mazkur balkalar ko‘prik qurilishida vaqtinchalik vazifa bajaruvchi, yordamchi vosita hisoblanadi.
23 mart kuni ertalab ushbu ko‘prikning vaqtinchalik tayanch ikkita balkasi noma’lum sabablarga ko‘ra qulab tushgan.
Hodisa oqibatida hech kim jabrlanmagan. Hozir bu holatga oydinlik kiritish maqsadida Toshkent shahridan tegishli mutaxassislar va laboratoriya xodimlari chaqirilgan.