Endi ayrim tadbirkorlarga banklar ishtirokisiz mablag‘ ajratiladi

Tadbirkorlarga bank ustamasisiz, bozorga qaraganda ancha arzon kredit olish imkoniyati yaratiladi.
Sputnik
TOShKENT, 23 mar — Sputnik. 1-apreldan 130 million dollar mablag‘ banklar ishtirokisiz, to‘g‘ridan-to‘g‘ri tadbirkorlarga ajratiladi. Bu haqda prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida oziq-ovqat mahsulotlarini ko‘paytirish, bahorgi ekin mavsumini samarali tashkil etish bo‘yicha asosiy vazifalar muhokamasi yuzasidan o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida ma’lum qilindi.
Qayd etilishicha, oziq-ovqat yetishtirishni ko‘paytirish uchun shu yilning o‘zida 6,2 trillion so‘m yangicha mexanizmlar asosida ajratiladi.
Jumladan:
qishloq xo‘jaligi jamg‘armasidan meva-sabzavotchilikning aylanma mablag‘lari uchun 700 milliard so‘m ajratiladi;
aholiga berilgan yerlarda ko‘chat, urug‘, o‘g‘it va texnika yetkazib berish uchun jami 500 milliard so‘m beriladi.

“1 apreldan 130 million dollar mablag‘ banklar ishtirokisiz, to‘g‘ridan-to‘g‘ri tadbirkorlarga ajratiladi. Bunda bank ustamasi bo‘lmaydi va tadbirkor bozorga qaraganda ancha arzon kredit olish imkoniga ega bo‘ladi”, - deyiladi xabarda.

Ushbu mablag‘lar mahsulot yetishtirish, qayta ishlash va xarid qilish, texnika sotib olish uchun 10-yilgacha 14 foizdan ajratiladi.
Shu bilan birga, intensiv bog‘ va tokzorlar, logistika obyektlari tayyor qurilib, tadbirkorlarga lizingga beriladi. Endi tadbirkor 20 foizini oldindan to‘laydi, qolgan 80 foizini 10-yil davomida bo‘lib-bo‘lib to‘lab boradi.
Bunda tadbirkorlar o‘z loyihalarini Qishloq xo‘jaligi vazirligining shaffof elektron platformasi orqali taqdim qiladi. Vazirlik loyihalarni to‘g‘ridan-to‘g‘ri o‘zi moliyalashtiradi.