Zaxarova Britaniyani Ukrainani yo‘q qilish niyatidalikda aybladi

Rossiya TIV rasmiy vakili Londonning Kiyevga zaiflashtirilgan uranli o‘q-dorilarni yetkazib berishga tayyorligi borasidagi bayonotiga munosabat bildirdi.
Sputnik
TOShKENT, 22 mar — Sputnik. Buyuk Britaniyaning Kiyevga tarkibida zaiflashtirilgan uran bo‘lgan o‘q-dorilarni topshirish haqidagi bayonoti Ukrainadagi haqiqiy tajovuzkor kim ekanligini ko‘rsatdi. Bu haqda Rossiya TIV rasmiy vakili Mariya Zaxarova Sputnik radiosidagi mualliflik dasturi efirida ma’lum qildi.
“Bu Ukraina atrofidagi vaziyatni tajovuz, mojaro va ziddiyatning yangi bosqichiga olib chiqish, sifatli yangi o‘lchov bag‘ishlashga qaratilgan Britaniyaning galdagi provokatsiyasi”, - dedi Zaxarova.
Diplomatning so‘zlariga ko‘ra, Londonning Kiyevga zaiflashtirilgan uranli snaradlarni yetkazib berish rejasi kollektiv G‘arbning Ukrainani batamom yo‘q qilish niyati borligidan dalolat beradi.
Shuningdek, Rossiya TIV rasmiy vakili zaiflashtirilgan uranli snaradlardan foydalanish aholi hududini genotsid qilish ekanini qo‘shimcha qildi.

“Ushbu turdagi qurollar (birlashtirilgan uran o‘q-dorilari) himoyalangan infratuzilma va zirhli transport vositalarini yo‘q qilishda o‘q-dorilarning kirib borish qobiliyatini oshirish uchun ishlatiladi. Ya’ni, an’anaviy o‘q-dorilar bilan taqqoslanmaydigan va inson salomatligiga bevosita ta’sir ko‘rsatadigan zararli ta’sirni keltirib chiqarish uchun. Buni tushunadiganlar kam va men bunday bayonot bilan chiqqan britaniyalik xonim buning oqibatlardan to‘liq xabardor ekanligiga ishonchim komil emas", - deydi u.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Buyuk Britaniya mudofaa vaziri o‘rinbosari Annabel Goldi London Kiyevga zaiflashtirilgan uranli o‘q-dorilarni yetkazib berishga tayyorligini ma’lum qilgan edi.