TOShKENT, 22 mar — Sputnik. Kelajakda neyron tarmoqlar ko‘plab mutaxassislarni, jumladan, dizaynerlar, kopirayterlar, marketologlar, dasturchilarni ishsiz qoldirishi mumkin, deya xabar berdi RIA Novosti.
Qayd etilishicha, hozirda neyron tarmoqlar, ehtimol, kelajakda bir qator kasblar bo‘yicha mutaxassislarni to‘liq almashtirishi mumkinligi haqida qizg‘in muhokamalar davom etmoqda.
Rossiyadagi kompaniyalar rahbarlari va tashkilotlardagi bo‘lim boshliqlari ishtirok etgan so‘rov natijasiga ko‘ra, respondentlarning 18 foizi bu sodir bo‘lishiga ishonchi komil va deyarli yarmi (47 foiz) bu ehtimol, lekin yaqin kelajakda emas, deb hisoblaydi. Yana 24 % neyron tarmoq xodimni to‘liq o‘rnini bosa olmaydi, lekin u bir qator vazifalarni hal qilishda yordam beradi, degan fikrda.
Sun’iy intellekt imkoniyatlariga ishongan tadqiqot ishtirokchilarining fikriga ko‘ra, kelajakda neyron tarmoq dizayn, marketing, dasturlash va logistika, buxgalteriya, savdo, HR, moliya, sotsiologiya, huquqshunosik, jurnalistika, o‘qituvchilik kabi kasblarning o‘rnini bosadi.
Bundan tashqari, tadqiqot shuni ko‘rsatdiki, respondentlarning 55 foizi ChatGPT sun’iy intellektli chat-botdan xabardor. Shuningdek, ish beruvchilarning 22 foizi ChatGPT ni tushunadigan xodimlarni qidirmoqda.
Asosan, bunday xodimlar IT sohalarida moliya va qurilish, avtomobil biznesi, sanoat, marketing, xizmat ko‘rsatish, sotish, tibbiyot va energetika sohasida ishlaydigan kompaniyalarda qidirilmoqda.