TOShKENT, 21 mar – Sputnik. O‘zbekistonda Ramazon oyi 23-mart kuni boshlanadi. Bu haqida Musulmonlar idorasi Ulamolar Kengashi ma’lum qildi.
"O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti “Muborak Ramazon oyini munosib tarzda o‘tkazish to‘g‘risida”gi qarorini imzoladi. Unga ko‘ra, 2023-yilgi muborak Ramazon oyining boshlanishi 23-mart kuniga to‘g‘ri kelishi haqidagi O‘zbekiston musulmonlari idorasining axboroti ma’lumot uchun qabul qilindi", - deyilgan xabarda.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Ulamolari Kengashi tomonidan Islom dini manbalari va astronomik ma’lumotlarga tayangan holda 2023-yilda Ramazon oyining birinchi kuni shu yil 23-mart, payshanba kuniga to‘g‘ri kelishi haqida xulosa qilingan.
Ma’lumot uchun, bu yil Markaziy Osiyo davlatlarida Ramazon oyi 23-mart kuni boshlanadi. Bu haqida Qozog‘iston muftiysi Naurizbay hoji, MO davlatlari muftiylari o‘zaro maslahatlashuviga asoslanib xabar qilgan edi. Shuningdek, 17-apreldan 18-aprelga o‘tar kechasi esa Qadr kechasi bo‘lishi va 21-aprel - Ramazon hayiti kuni deb e’lon qilinishi ham aytilgan edi.